Munosabat
O‘zbek va tojik xalqlari azaldan do‘st, quda-anda bo‘lib yashab kelgan. Tarixi va taqdiri uyqash, tutumi, e’tiqodi bir, madaniyati, urf-odatlari o‘xshash xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlik bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarildi.
Jumladan, 1992-yil 22-oktyabrda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan bo‘lsa, 1995-yilda Tojikiston, 1999-yilda esa O‘zbekiston o‘z elchixonalarini ochgan. O‘tgan yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, transport, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalardagi aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.
Xususan, 2017-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 237,9 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yil yakuniga kelib ushbu ko‘rsatkich uch barobarga ortib 756,8 million dollarga yetgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda tojik kapitali ishtirokida 278 ta, Tojikistonda esa mamlakatimiz rezidentlari ishtirokida 90 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2023-yil oxiriga qadar Investitsiya dasturi doirasida Tojikistonning qariyib 50 million AQSH dollarlik sarmoyasi o‘zlashtirilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekistonda tojik diasporasi vakillarining milliy o‘ziga xosligi, tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi 10 163 maktabning 253 tasida ta’lim tojik tilida olib borilmoqda. Shuningdek, tojik tilida 4 ta gazeta chop qilinadi, 5 ta teledastur va 30 ta radio dasturlar efirga uzatiladi.
Umuman olganda, keyingi yillarda ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va tashabbuslari bilan yuqoridagi kabi natijalar ko‘lami va salmog‘i kun sayin ortib bormoqda.
Joriy yilning 18-19-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi va uning doirasida erishilgan natijalar O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, tashrifning birinchi kunida Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida ikki mamlakat yetakchilarining dastlab tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazildi. Shundan so‘ng ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan yig‘ilishda keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va katta imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi.
Xususan, ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan, uchinchi mamlakatlardan importning o‘rinini faol to‘ldirish orqali 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun “Oybek – Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazini tashkil etish ishlari jadallashtiriladi. Bundan tashqari, sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat bir-birini to‘ldirib turgan an’anaviy tarmoqlarda yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olish hamda mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga e’tibor qartildi.

Tashrif doirasida kutilgan eng muhim hujjat bu – qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq mos bo‘lgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishidir. Ushbu shartnoma O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ortga qaytmas darajada yangi bosqichga chiqqanligidan dalolatdir.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish joizki, bugungi kunga qadar O‘zbekiston 2 ta davlat Rossiya va Qozog‘iston bilan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida, 14 ta davlat bilan esa strategik sheriklik munosabatlari to‘g‘risida shartnomalarni imzolagan.
Umuman olganda, tashrif davomida imzolangan har bir hujjat va mamlakat yetakchilari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslar, eng avvalo, ikki xalq turmush farovonligini yuksaltirish, qolaversa, mintaqa mamlakatlari taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Biz uchun galdagi ustuvor vazifa tarixiy tashrif doirasida imzolangan hujjatlardagi reja va maqsadlarni amalga oshirishda parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idora, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirishdir.
Mavluda ATHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA