Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Tojikiston: ikki mamlakat parlamenti yuqori palatalari o‘rtasida hamkorlikka oid bitim imzolandi
20:38 / 2023-09-13

Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish sharoitida gender tenglikka erishish” mavzusi muhokama etiladi. Mazkur muhim tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi.

Tashrif doirasida delegatsiya rahbari, O‘zbekiston Republikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat vaqt sinovidan o‘tgan eng yaqin qo‘shni va ishonchli hamkor ekani, xalqlarimizni umumiy tarix, din, madaniyat va an’analar birlashtirib turishi, ko‘p asrlar davomida shakllangan do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bugungi kunda ham izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.

Do‘stona suhbatda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, O‘zbekiston hamda Tojikiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy - gumanitar, ayniqsa, parlamentlararo muloqotni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat parlamenti yuqori palatalari o‘rtasida tuzilgan do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo - iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda. So‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Tojikiston savdo -iqtisodiy aloqalari dinamikasi jadal sur’atlarda oshib bormoqda. Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qonunchilik darajasida qo‘shma ishlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida madaniy - gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlikning yuqori darajasi e’tirof etilib, qo‘shma madaniy tadbirlar, jumladan, ziyolilarning ikki tomonlama forumlarini, san’at ustalarining qo‘shma konsert va gastrollarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, “ziyorat turizmi”ni rivojlantirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolandi.  

Unda parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan qo‘shma parlament monitoringini amalga oshirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalari aks etgan.  

Shuningdek, oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan birgalikda monitoring olib borish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida o‘zaro tajriba almashish, chegaradosh viloyatlar va tumanlar deputatlari o‘rtasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA