Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Tojikiston gidroenergetika tarmoqlari rivojlanishida yangi davr boshlandi
18:20 / 2022-06-17

Mamlakatimizda keyingi 5 yil mobaynida gidroenergetika sohasida bir qator yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirildi.

Joriy yilning 2 iyun kuni O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari o‘rtasida ushbu soha bo‘yicha ilk bor yangi loyihaga – Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishiga start berildi. 

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, investitsion loyihalarni tayyorlash va olib borilishini monitoring qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Suratilla ISMATOV bilan jamiyat tomonidan keyingi besh yillikda amalga oshirilgan ishlar va ushbu Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishi yuzasidan O‘zA muxbiri suhbatlashdi. 

– Shu yillar orasida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avvalgi mavjud 36 ta GES yangidan qurilgan yirik, o‘rta hamda mikro GESlar hisobiga 50 taga yetkazildi, – dedi S. Ismatov. – Bu ishlar natijasida mamlakatimizning umumiy gidroenergetika quvvati qariyb 2 052,7 megavattni tashkil etmoqda. 

Ayni kunlarda yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish borasida 30 dan ortiq investitsiyaviy loyiha asosida katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon joriy yilning 2-3 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

 Mamlakatimizga Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning tashrifi doirasida 2 iyun sanasida Zarafshon daryosida Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon boshchiligidagi rasmiy delegatsiya oliy darajadagi muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari, jumladan, gidroenergetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarida ikki davlat rahbarlari tomonidan ramziy tugma bosilib, yangi GES qurilishga start berildi. 

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Markaziy Osiyo suv va energetika boyliklaridan o‘zaro manfaatli asosda foydalanish, gidroenergetika loyihalarida samarali hamkorlik aloqalari mexanizmlari ishlab chiqildi hamda birgalikda ishtirok etish borasida yangi GES qurilishiga kelishib olindi. 

– Mazkur loyihaning quvvati va foydalanish imkoniyati haqida to‘xtalsangiz. Kelgusida yana shunday loyihalar ustida ham o‘rganishlar olib borilyaptimi? 

– Aytish joizki, Yovon gidroelektr stansiyasi gidroenergetika sohasida ikki davlat o‘rtasidagi yirik istiqbolli loyiha hisoblanadi. Yana ahamiyatlisi, u sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning ilk yirik loyihasidir. 

Quvvati 140 megavattga ega stansiya ikki yurt energetika xavfsizligi, suv va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash lozim. 

O‘zaro hamkorlik haqida gap ketganda, ikki mamlakatning mas’ullari tomonidan Zarafshon daryosi havzasida 2 ta GESni qurish va undan foydalanishni texnik-iqtisodiy baholash bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgan. Mazkur kelishuvga asosan Tojikiston Respublikasining Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalarning qurilishi ikki bosqichda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

Xususan, birinchi bosqichda Yovon gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 832 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, uning quvvati 140 megavattli va prognoz qiymati 282 million dollarga tengdir. E’tiborlisi, loyiha sarflangan mablag‘larni 15 yilda qoplashi va 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega. 

Ikkinchi bosqichda esa Fandaryo gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati o‘rganib chiqilmoqda. U yiliga o‘rtacha 560 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Quvvati 135 megavattli loyihaning prognoz qiymati 270 million dollarga tengdir. Mazkur loyiha ham birinchisi kabi sarflangan mablag‘larni 20 yilda qoplaydi va 40-50 yil davomida uzluksiz ishlaydi.

– Loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladimi? Ularning umumiy ishlab chiqarish hajmi qancha va aholining bandligini ta’minlashdagi ahamiyati qanday? 

– Albatta, loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. Mazkur loyihalarning yillik umumiy ishlab chiqarishi hajmi 1400 million kilovatt soatni tashkil etadi. Bu esa, o‘z navbatida, 600 mingdan ortiq oilaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi. Yangi GESlarning qurilishi doirasida 3 mingga yaqin mavsumiy, ishga tushirilishi natijasida esa 200 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi. 

Shu o‘rinda, mazkur gidroinshootlarni qurilishi yuzasidan loyihaning buyurtmachisi etib, tomonlar ishtirokida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “TaUz HIDRO” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. 

bugungi kunda tomonlar loyihadan oldingi izlanish ishlarini moliyalashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rmoqda. 

“TaUz HIDRO” AJ yangi qurilishi rejalashtirilgan GESlarning texnik topshiriqlarini ishlab chiqadi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etadi. Bu borada muhandislik ishlari to‘liq zamonaviy standartlar asosida ilg‘or xorijiy kompaniyalar ishtirokida olib boriladi.

 Loyiha xalqaro moliya tashkilotlarining investitsiyalari hamda ta’sis qilinadigan qo‘shma korxona ustav jamg‘armasiga kiritiladigan tomonlarning o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. Mazkur loyihani moliyalashtirishga yetakchi xalqaro institutlar, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qiziqish bildirgan. 

Ishonch bilan aytamizki, O‘zbekiston va Tojikiston gidroenergetika tarmoqlari rivojlanishida yangi davr boshlandi va bu xalqlarimizning farovon hayotiga xizmat qiladi. 


O‘zA muxbiri 
Nasiba ZIYODULLAEVA 
suhbatlashdi. 

O‘zA