Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Tojikiston: biz deputatlar ham ikki mamlakat hamkorligi rivojini yangi mazmun bilan boyitishimiz lozim
15:39 / 2021-06-24

- Tojiklar va o‘zbeklar ko‘pgina g‘amu shodlik, muvaffaqiyatu mag‘lubiyatli kunlarni birga o‘tkazgan hamda har doim do‘stligu birodarlikni hurmat qilib, bir-birlariga ehtirom ko‘rsatib, qadrlab kelgan. Bunday munosabat XV asrning buyuk tarixiy shaxslari timsolida yanada mustahkamlanib, Mavlono Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy va do‘stona hamkorliklar zamirida yangi sahifani boshlab berdi.

Buyuk shaxslar o‘rtasidagi do‘stligu birodarlik, hurmatu ehtirom shu qadar samimiy bo‘lganki, zamondoshlari bu muoshirat va aloqalarni ko‘p marta yaxshilik bilan yodga olganlar, - deya yozgan edi Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda o‘zining «Adabiy-madaniy aloqalar – tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligining muhim omili» nomli maqolasida.  

 Haqiqatdan ham, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizga tashrifi, Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosi muhtaram Emomali Rahmon bilan do‘stona muloqotlari hamda hamkorlik bo‘yicha ko‘plab hujjatlarning imzolanishi azaldan yondoshu jondosh, do‘stu birodar ikki xalqning cheksiz shodligu sururiga sabab bo‘ldi. Ma’lum bir muddatda ayriliq alamini totgan ikki xalq bu kunni uzoq kutdi. Va nihoyat, ushbu tarixiy kunda qardosh xalqlarimiz yana bir-biriga quchoq ochib, diydorlashdi.  

 Qolaversa, Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga safari va yaqinda O‘zbekiston rahbarining yurtimizga uyushtirgan tashrifi ham davlatlararo munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga chiqishiga sabab bo‘ldi.  

 Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilganligini parlamentlararo aloqalarda ham kuzatish mumkin. Misol uchun, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri taklifiga binoan, Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Namoyandalar majlisi delegatsiyasi ushbu mamlakatga safar qildi. Tashrif doirasida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqa va hamkorliklarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha atroflicha muloqot bo‘lib o‘tdi.  

 Ana shunday ko‘p qirrali hamkorliklar samarasini barcha sohalarda ko‘rish mumkin. Misol uchun, iqtisodiy va savdo sohasida tovar ayriboshlash hajmi oshdi, ikki mamlakatda tomonlar sarmoyalari asosida korxona va sexlar faoliyat boshladi, maorif va ilm sohasidagi aloqalar kengayib, bugun ikki mamlakatning minglab fuqarolari bir-birlarining oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishmoqda, madaniyat, adabiyot, kino kunlarining o‘tkazilishi esa, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorliklarning yorqin misolidir.  

 Albatta, bunday natijalarga erishishda ikki mamlakat parlamentlarining ham salmoqli hissasi borligini qayd etish o‘rinlidir.  

 Quvonarlisi shundaki, 2021 yilning 10 iyunida Dushanbe shahrida ikki davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan Qo‘shma bayonotda ushbu hamkorliklarga alohida e’tibor qaratildi:  

 «Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning ajralmas qismi sanaladi. Tomonlar «parlament diplomatiyasi» orqali ikki mamlakat parlamentlarining do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytiradi».  

 Biz – deputatlar ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali foydali hamkorliklarning rivojlanishiga Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Namoyandalar majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi aloqalarini mustahkamlash orqali yangi ma’no-mazmun bilan boyitishga hissa qo‘shishimiz lozim.  

 

 Baxtiyor   AHMADZODA,   Fayzullo   NAJMIDDINIYON,  

 Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi  

 Namoyandalar majlisi deputatlari  

 

 Manba: «Xalq ovozi» gazetasi