Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi doirasida Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi Namoyandagon Raisi o‘rinbosari Aziz Kodir Giyozoda bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yanada mustahkamlanayotgani, ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilayotgani e’tirof etildi.

Oxirgi yillarda davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari va qat’iy siyosiy irodasi tufayli qardoshlik rishtalari rivojida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilgani, ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada faollashgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani mintaqa xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga keng yo‘l ochgani va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘z navbatida, Aziz Kodir Giyozoda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosatning jadal sur’ati bugun ulkan o‘zgarishlarga sabab bo‘layotganini e’tirof etdi. Shuningdek, u ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muntazam tashriflar almashinuvi faol rivojlanayotganini ta’kidlab, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha ham so‘z yuritildi.
M.Komilova,
O‘zA