English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi
21:24 / 2021-06-16

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov bilan Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi O.Malginov ishtirokida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali O‘zbekiston – Rossiya hamkorligining yuqori darajasi va uni kengaytirish ijobiy dinamikasini qayd etdi. Shu bilan birga, hududlararo darajadagi hamkorlikni faollashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.

Ayni paytda Tatariston va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun ulkan salohiyat mavjudligi alohida ta’kidlandi.

Joriy yil boshidan buyon Tatariston va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60 foizga oshgani ikki mamlakat tadbirkorlarining bozorbop mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi. O‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar, jumladan, Tatariston vazirlik va idoralari bilan O‘zbekistonning tegishli hududiy idoralarning munosabatlarini mustahkamlash, ishbilarmon doiralari missiyalari va tarmoq ko‘rgazmalarini o‘zaro asosda tashkil etish, Tatariston savdo tarmoqlari bilan munosabatlarni o‘rnatish hamda ulgurji savdo va tarqatish markazlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Shuningdek, tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, charm-poyabzal sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida to‘xtalib,  erishilgan kelishuvlar va kelishilgan loyihalarda o‘z aksini topayotgan Tataristonning Toshkent viloyati bilan faol hamkorligini olqishladi.

Xususan, muloqotda Toshkent viloyatida “Ximgrad” sanoat parki tashkil etilishi bo‘yicha fikr almashildi. Tomonlar ushbu tashabbusning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqib, park hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga Tatariston va Toshkent viloyatining yetakchi ishlab chiqarish kompaniyalari orasidan bo‘lajak rezidentlarni jalb etishda hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hududlararo munosabatlarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.

O‘zA