Slovakiya Respublikasining Peshtyani shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ishchi guruhi hamda Slovakiya Texnik sinov instituti (TSU) vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi TSU bosh direktori Tomash Kakula, texnik direktor Marsel Svoboda va savdo direktori Tomash August bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuvda Slovakiya tomonining Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish, sertifikatlashtirish hamda laboratoriya faoliyatini tashkil etish borasidagi ilg‘or tajribasi taqdim etildi. Shuningdek, delegatsiya institutning akustika, elektromagnit moslashuv (EMC) hamda iqlim sinovlari laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Muloqot chog‘ida elektrotexnika va qurilish mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi direktivalari asosida muvofiqligini baholash, amaldagi qonunchilik talablari hamda mahsulot xavfsizligini ta’minlash jarayonida yuzaga keladigan nomuvofiqliklarni aniqlash va tahlil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur uchrashuv tomonlar o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Hamroz Bayanov, O‘zA