Munosabat
Xabaringiz bor, Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi do‘stlik, qator masalalarda jadal rivojlanayotgan sohalar istiqboli yuzasidan Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetining “Yaponiya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti” kafedrasi o‘qituvchisi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Zilola Qosimova o‘z fikrlarini bildirdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Osiyo – Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar bilan o‘zaro aloqaga katta e’tibor berib kelmoqda. Xususan, dunyoning yirik moliya markazlaridan biri, samarali islohotlar va innovatsiya imkoniyatlarga ega Singapur bilan so‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Singapur Respublikasi O‘zbekistonning mustaqilligini 1992 yil 27 dekabrda tan olgan. 1997 yil 8 aprelda esa ikkala davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. 2007 yilda Singapur davlatida O‘zbekiston elchixonasi ochildi. Shu tarzda ikkala davlat o‘rtasida o‘zaro munosabatlar rivojlana boshladi.
Yodingizda bo‘lsa, 2023 yil 16-18 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan ushbu davlatga rasmiy tashrifni amalga oshirgan edi. Tashrif davomida Singapur Prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv, muzokaralar o‘tkazildi.
Prezidentimiz jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyurdi.
Singapurning birinchi Bosh vaziri va ushbu mamlakat “iqtisodiy mo‘’jizasi” muallifi Li Kuan Yu sharafiga nomlangan maktab davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida magistratura dasturlari asosida kadrlar tayyorlashga, ilmiy va siyosiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan.
O‘zbekiston Prezidenti huzurida O‘zbekiston davlat boshqaruvi akademiyasi va Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolash marosimi bo‘ldi.
Ikki mamlakat o‘rtasida beshta yo‘nalishda hamkorlikka kelishib olingani ham quvonarli. Davlat boshqaruvi uchun kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, “yashil” texnologiyalarni jalb qilish, shaharsozlik va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Tovar aylanmasi, eksport va import munosabati 2017 yildan 2022 yilga qadar yil sayin yuqori dinamikani namoyish etdi. O‘zbekiston va Singapur o‘zaro sheriklikni rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor – ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasi shundan dalolat beradi. Jumladan, 2020-2021 yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori qariyb 30 foizga o‘sdi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning yorqin namunasi sifatida Singapur ijodiy guruhlarining muntazam ravishda “Sharq taronalari” festivalidagi ishtirokini qayd etish mumkin.
Shuningdek, Singapurda ta’lim sohasida erishilayotgan muvaffaqiyatlar dunyo miqyosida e’tirof etilmoqda. Mamlakatda innovatsiya va texnologiyalar sohasidagi muayyan yutuq va tajribalarni o‘rganish ahamiyatlidir.
Ma’lumot o‘rnida: 2008 yilda Toshkentda Singapur menejmentni rivojlantirish instituti tashkil etildi. Oliy bilim maskanida “Bank ishi”, “Biznes menejmenti”, “Turizm” va “Biznesdagi zamonaviy axborot texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
2021 yil oktyabrda Toshkentda Singapurning ikkinchi oliy ta’lim muassasasi – “TMC Institute” tashkil etildi. O‘tgan yili oktyabrda esa oliygoh kampusining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu yerda tahsil olayotgan talabalar soni 12,5 barobarga oshdi.
Gumanitar sohadagi hamkorlikning yana bir muhim va muvaffaqiyatli namunasi sifatida 2021 yil Singapurning "SixClouds Pte. Ltd." kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan Qoraqalpog‘istondagi 300 ta maktab va mamlakatimiz hududidagi 14 ta Prezident maktablari uchun ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha onlayn dastur taqdim etilganini qayd etish mumkin.
Ma’lumki, sayyohlik o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun juda istiqbolli soha hisoblanadi. Ikki davlat katta sayyohlik salohiyatiga ega va turizm almashuvini faollashtirishdan birdek manfaatdor.
O‘zbekistonni singapurlik turistlar uchun yangi sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish maqsadida 2018 yilda Singapur fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi. Bu sayyohlar oqimining ko‘payishiga yordam berdi, ammo yo‘nalish salohiyatidan hali to‘liq foydalanilmagan. O‘z navbatida Singapurning turizm sohasidagi boy tajribasi O‘zbekiston uchun o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning yana bir nuqtasi hisoblanadi.
Singapur erishgan iqtisodiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarda kadrlar siyosati, malakali, mas’uliyatni his etgan va halol rahbarlarni tayyorlashga e’tibor muhim o‘rin tutadi. Shuni inobatga olib, Singapurning davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi tajribasini o‘rganish va qo‘llash katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, ilmu fanga e’tibor, jamiyatda muallimlarning maqomini ko‘tarish, korrupsiyaga qarshi kurashish, tadbirkor va investorlar manfaatini himoya qilish, mamlakatning turizm salohiyatini ko‘tarish, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash va boshqa ko‘plab ustuvor vazifalarni amalga oshirishda mamlakat tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.
Xulosa shuki, O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi jug‘rofiy masofa juda yaqin bo‘lmasa ham, mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Shunday qilib, davlatimiz rahbarining Singapurga tashrifi, Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat xalqlari taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi o‘zaro manfaatli hamda ishonchli sheriklik munosabati ravnaqiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi