O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida amaliy qadamlar tobora kuchaymoqda. Davlat va xususiy sektor hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat atrof-muhit muhofazasiga, balki mahalliy iqtisodiyotning yangi texnologiyalar asosida rivojlanishiga ham xizmat qilayotir.
Aynan shu yo‘nalishda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi Shveysariyaning ekologik innovatsiyalar sohasidagi yetakchi kompaniyasi bo‘lgan “SWISS GROW” bilan hamkorlikda yirik loyihaga qo‘l urmoqda.
Ta’kidlash joiz, joriy yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi mamlakatda ekologik islohotlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga keng yo‘l ochdi. Shunga ko‘ra, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va “SWISS GROW” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Tomonlar mazkur loyihani tatbiq etish va bu boradagi dastlabki sa’y-harakatlar yuzasidan fikr yuritdi. Ularning ta’kidlashicha, loyiha doirasida charm mahsulotlarini qayta ishlash jarayonida paydo bo‘ladigan chiqindilardan qishloq xo‘jaligi uchun yuqori sifatli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Ilgari bunday chiqindilar ko‘pincha yo‘q qilinib, iqtisodiy foyda keltirmasdan yo‘qotib kelingan.
Uyushma axborot xizmati rahbari Aziz Kattayevning ma’lum qilishicha, “SWISS GROW” tomonidan taklif etilayotgan texnologiyalar esa ularni qimmatli resursga aylantirib, bir vaqtning o‘zida atrof-muhitni muhofaza qilish va agrar sohani mahalliy, ekologik toza o‘g‘it bilan ta’minlash imkonini beradi.
–Dunyo tajribasida bu kabi ikki tomonga foyda beruvchi usullar Yevropa va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarda amalda qo‘llanib, o‘z samarasini ko‘rsatgan. O‘zbekiston esa bu texnologiyani faqat import qilish bilan cheklanmay, mahalliy ishlab chiqarish zanjiriga integratsiya qilish niyatida. Muzokaralarda loyihani amalga oshirish shartlari, huquqiy asoslar va zarur infratuzilmalar muhokama qilindi. Birinchi bosqichda charmsanoati chiqindilarining kamida 60 foizi qayta ishlanishi rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, investitsiya hajmi 2 million dollarni tashkil etadi, – dedi u.
Mutasaddilarga ko‘ra, ushbu tashabbus nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini ham oshiradi. Charm sanoati chiqindisini qimmatli o‘g‘itga aylantirish – resurslardan oqilona foydalanish va kelajak uchun barqaror yechim yaratish yo‘lidagi muhim qadam.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA