O‘zbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida videokonferensiya shaklida iqtisodiy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi. Serbiya tomoniga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yagoda Lazarevich boshchilik qildi.
Onlayn uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, shuningdek, innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda istiqboli yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-9975]
Ikki mamlakat tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani o‘rnatish va kengaytirish, barcha imkoniyatdan foydalangan holda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Maslahatlashuv chog‘ida O‘zbekiston – Serbiya hamkorligining shartnomaviy-huquqiy bazasini, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada tegishli va amaliy ahamiyatga ega hujjatlar orqali kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi.
Ishbilarmonlikni faollashtirish maqsadida 2023 yil Belgradda “Made in Uzbekistan” nomi ostida O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, Serbiya savdo missiyasining yirik to‘qimachilik va oziq-ovqat ko‘rgazmalarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, O‘zbekiston –Serbiya savdo uyini ta’sis etishga kelishib olindi.
B.Xudoyberdiyev,
N.Haydarov (surat),
O‘zA