O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, o‘zaro savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi sohalarida yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Ikki mamlakat hukumatlari darajasida olib borilayotgan muloqotlar mazkur jarayonni yanada faollashtirish, institutsional hamkorlikni chuqurlashtirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Serbiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ham shu haqda so‘z bordi.
Unda tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, ikki vazirlik o‘rtasidagi institutsional aloqalarni kengaytirish masalalariga keng e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida o‘zaro tovar savdo aylanmasi hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida sanoatni yuksaltirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar ikki mamlakatning turistik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhimligini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston-Serbiya biznes forumi o‘tkazilishi hamda mazkur platforma ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda biznes doiralar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirishda bu kabi muloqotlar muhimdir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA