O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Oliy martabali mehmon tashrif doirasida davlatimiz rahbari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi, turli tuzilmalar faoliyati bilan ham tanishmoqda va Samarqandda YUNESKOning navbatdagi sessiyasida qatnashadi.
Tashrif natijasida bir qancha muhim bitimlar imzolandi – ular siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
Markaziy Osiyo Xalqaro instituti katta ilmiy xodimi Shavkat Alimbekov bilan suhbatlashib, uning O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida o‘ttiz yil mobaynida ishonch va umumiy manfaatlarga asoslangan barqaror sheriklik yo‘li, shuningdek yo‘lga qo‘yilgan loyihalar va ilk tashrif istiqbollari haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
– Prezident tashrifi munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston Serbiyada elchi tayinladi. Bu voqea ham tomonlarning hamkorlikni tizimli, institutlar darajasiga ko‘tarish istagini bildiradi, – dedi institut mutaxassisi. – Iqtisodiy yo‘nalish ham, ayniqsa ikki tomonlama kun tartibida alohida o‘rin egallaydi.

Keyingi sakkiz yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori qariyb 10 martaga oshdi va deyarli 20 million dollarga yetdi. Kelajakda hamkorlikning muvofiqlashtiruvchi mexanizmiga aylanadigan Hukumatlararo komissiyani tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Eng istiqbolli yo‘nalishlardan yana biri – mashinasozlik. Serbiya avtomobil va elektron jihozlar ishlab chiqarishda tajribaga ega, bu tajriba O‘zbekistonda talab qilinishi mumkin.
O‘z navbatida, Toshkentda ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish uchun qulay shart-sharoit mavjud. Tomonlar qo‘shma korxonalar tashkil etish va injenerlik ishlanmalari almashish imkoniyatini ko‘rib chiqyapti. Bu sanoat sherikligini mustahkamlab, ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytiradi.
Ikkinchi strategik muhim yo‘nalish – innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik. Har ikki davlat yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirishga katta e’tibor bermoqda. Serbiya so‘nggi yillarda Bolqon yarim orolidagi IT-xabga aylandi, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda raqamli iqtisod va startap-ekotizimni tez sur’atlarda rivojlantirmoqda.
Joriy yil oktyabrda Serbiyaning xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha vaziri Nenad Popovich rahbarligidagi delegatsiya poytaxt Toshkentga tashrif buyurgani IT-tarmoqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga xizmat qildi.
O‘zbekistondagi vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida yangi texnologiyalar, raqamli yechimlar, sanoat innovatsiyalari, shuningdek IT va “aqlli” infratuzilma sohasida qo‘shma yuqori texnologiyali loyihalar muhokama qilindi. Agrar tarmoqni raqamlashtirish va qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsiyalarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar natijasida uzumchilik kabi muhim sohalarda qo‘shma loyihalar taklif etildi, shuningdek, agrar yo‘nalishida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish – aniq qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy qilish va tadqiqot markazlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qayd etish kerak, kelajakda dori-darmon ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish, biotexnologiya sohasida tajriba almashish va serb firmalarining O‘zbekistonda lokalizatsiyasi yo‘nalishida ishlash ko‘zda tutilmoqda.
Ikki tomonlama hamkorlikning muhim qismi gumanitar sohadir. O‘zbekiston va Serbiya rahbarlari sheriklikning mustahkam asosi faqat iqtisodiy shartnomalar bilan cheklanmasligini, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik bilan ham bog‘liq ekaniga kelishib oldi. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy tashabbuslardan biri – akademik va ta’limiy almashuvlarni kengaytirish. O‘zbek talabalarini Serbiyaga o‘qishga yuborish va ularning ham yoshlarini yurtimiz ta’lim muassasalarida qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Almashuv dasturlari ikki davlatning kelajak mutaxassislariga biri-birining tili, madaniyati va kasb standartlari bilan tanishish imkonini beradi.
O‘zbek talabalari muhandislik va tibbiyot maktablari kuchli bo‘lgan Serbiya universitetlariga qiziqish bildirmoqda, Toshkentda esa xorijiy universitetlar filiallari yaratilmoqda. Ularda Belgraddan mutaxassislar faoliyat yuritishi mumkin. Bu ta’lim sherikligini uzoq muddatli va birgalikda kadr tayyorlash uchun mustahkam asos yaratadi.
Bundan tashqari, turizmni rivojlantirish ham kun tartibida alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining qadimiy shaharlari va boy madaniy merosga ega bo‘lgan mamlakat sifatida butun dunyodan turistlarni jalb qilyapti. Serbiya esa mamlakatimiz turistik salohiyatini e’tirof etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ikki davlat oldida hamkorlikda yangi imkoniyatlar ochilmoqda va shunday yondashuv bilan o‘zbek-serbiya munosabatlari yaqin yillarda sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tariladi. Serbiya O‘zbekiston uchun Yevropaga oyna bo‘ladi, O‘zbekiston esa Yevrosiyo bozoriga chiqishda Serbiyaning sherigiga aylanadi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA