Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi do‘stona diplomatik aloqalarning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Dunyodagi geosiyosiy jarayonlarda davlatlar o‘rtasida raqobat kuchayib, resurslar uchun kurash tobora keskin tus olmoqda. Global iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, shuningdek, energetika va transport yo‘llari xavfsizligiga doir muammolar turli ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bunday vaziyatda davlatlar o‘rtasida tinchlikparvar aloqalar olib borish, o‘zaro hurmat va ishonch asosidagi hamkorlikni mustahkamlash beqiyos hamiyatga ega.
O‘zbekistonda bu borada mamlakat istiqboli va xalqimiz farovonligi yo‘lida tashqi dunyoga nisbatan ochiq va tinchlikparvar siyosat olib borilmoqda. Bu esa, xorijiy davlatlar bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlarining kengayishiga, diplomatik aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi iliq munosabatlar, avvalo, ikki tomonning 30 yillik diplomatik aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan va amaliyotda o‘z ifodasini topadigan muhim qadam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Serbiya yetakchisi Aleksandr Vuchichni samimiy qutlash vaqtida hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini aytib, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda amalga oshirilgan tashrif tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi.
Serbiya Bolqon yarimorolidagi markaziy davlat sifatida qadimdan Yevropa mintaqasini Yaqin Sharq va Yevroosiyo bilan bog‘lab turuvchi, mintaqaviy transport koridorlari kesishadigan geostrategik va geoiqtisodiy muhim bo‘g‘in hisoblanadi. U Yevropa Ittifoqining asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda Serbiyada mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va IT sohalari rivojlangan hamda turizm va farmatsevtika sohalarida yuqori natijalarga erishilgan.
Uchrashuv kun tartibida tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo, IT va agrosanoatda hamkorlik qilish, Transkaspiy koridori orqali “Markaziy Osiyo - Bolqon” transport yo‘laklarini rivojlantirish, Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ko‘plab sohalarda diplomatik aloqalarni olib borish bo‘yicha hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. “Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim”, “Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim”, “Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim”, “Ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim”, “Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur” hamda “Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum” shular jumlasidan.
Bu kelishuvlar kelajakda ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytiradi. Tashqi savdo geografiyasini kengaytiradi. Yangi bozorlarga chiqish va import-eksport tizimini diversifikatsiya qilish uchun sharoit yaratadi.
Mehnat migratsiyasi sohasida kelishuv mehnat munosabatlarini rasmiy tartibga soladi, huquqiy himoyani kuchaytiradi hamda malakali kadrlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqiga yaqin bo‘lgan Serbiya davlati bilan hamkorlik mamlakatimizning eksport imkoniyatlarini oshiradi. Sanoat va texnologiyada modernizatsiya sur’atini tezlashtiradi hamda investitsiyalar jalb qilishni kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari kelgusida nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqasi o‘rtasida yangi integratsion ko‘prikni yaratadi. Umumiy manfaatlar istiqbolini ko‘zlagan yangi geoiqtisodiy makonni vujudga keltirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA