Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni prokuraturalari o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolandi
18:28 / 2025-11-19

Saudiya Arabistoni Podshohligi Bosh prokurori shayx Saud bin Abdulloh al-Mu’jabning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya mazkur mamlakatga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida ikki davlat prokuratura organlari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Konstruktiv muloqot davomida tomonlar o‘zaro huquqiy hamkorlik masalalari hamda aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Bosh prokurori prokuratura organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va faoliyatni  raqamlashtirish sohasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi.  

O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi prokuratura organlarining jinoyat ishlarini raqamlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish sohalaridagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, huquq-tartibot jarayonlarida sun’iy intellekt va zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzoladi.

N.Abduraimova, O‘zA