O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni: prokuratura idoralari hamkorligi kuchaytiriladi
Saudiya Arabistoni Bosh prokurori Sheyx Saud Abdulloh Al Muajib O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tajriba almashish, prokuratura faoliyatini rivojlantirish hamda ikki tomonlama hamkorlik doirasida qo‘shma tadbirlar tashkil etishga qaratilgan hamkorlik dasturi imzolandi.
Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, uchrashuvda Saudiya Arabistoni prokuraturasi o‘zining ilg‘or amaliyotlari yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazgan.
Jumladan, jinoyat ishlarini yuritish mexanizmlarini takomillashtirish, xizmatlarni raqamlashtirish, prokuratura faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoritildi.
N.Abduraimova, O‘zA