Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Rossiya yengil atletika sohasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazadi
12:23 / 2025-04-11

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda Butunrossiya jismoniy madaniyat, sport va turizm xodimlari ittifoqi o‘rtasida videokonferensiya tarzida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz yengil atletika mutasaddi rahbarlari, Rossiyaning mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi, Rossiya davlat universitetining Talabalar sporti innovatsiyalar markazi vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tomonidan tashkil qilingan mazkur uchrashuvda asosiy e’tibor yurtimizga yengil atletikaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy murabbiylarni jalb etishga qaratildi. Xususan, Rossiyaning yengil atletika bo‘yicha taniqli 3 nafar sport ustalarini O‘zbekistonga jalb etish imkoniyatlari va uning yuridik-tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ikkala mamlakat yengil atletika federatsiyalari o‘rtasida qo‘shma tadbirlar tashkil etishga kelishib olindi.

Bu kabi uchrashuvlar mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari orasida yengil atletikani yanada ommalashtirish, ushbu sport turi bo‘yicha mahoratli sportchilarni kamol toptirish va kelgusida jahon va qit’a birinchiliklari hamda Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini yanada ulug‘laydigan atletlar kamol topishiga katta hissa qo‘shadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA