Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Rossiya soliq idoralari tajriba almashmoqda
15:52 / 2026-02-26

Soliq qo‘mitasi delegatsiyasining Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida Rossiya Federal soliq xizmati bilan o‘zaro tajriba almashish ishlari boshlandi.

Ishchi tashrifning birinchi kunida tomonlar blogerlar hamda internet tarmog‘ida faoliyat yurituvchi boshqa shaxslar daromadlari ustidan soliq nazoratini amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Raqamli iqtisodiyot sharoitida onlayn faoliyatdan olinayotgan daromadlarni hisobga olish, shaffoflikni ta’minlash va soliq intizomini mustahkamlash bo‘yicha yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar davomida soliq xizmati brendini ommalashtirish, ochiqlik darajasini oshirish va fuqarolar ishonchini mustahkamlash maqsadida media hamjamiyat bilan yaqin va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Axborot siyosatida shaffoflikni kuchaytirish, jamoatchilik bilan ochiq muloqot o‘rnatish va raqamli platformalardan samarali foydalanish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Shuningdek, Rossiya tomoni soliq organlari faoliyatida xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan yondashuvlarni taqdim etdi. Jumladan, soliq to‘lovchilar uchun qulay elektron xizmatlar yaratish, ular bilan o‘zaro samarali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, mavjud tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ma’muriy yuklamani kamaytirish borasidagi amaliy tajriba bilan o‘rtoqlashildi.

Mazkur tajriba almashish jarayoni ilg‘or yechimlarni o‘rganish, zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etish va ularni kelgusida O‘zbekiston soliq organlari faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba va axborot almashishni tizimli ravishda davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA