Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ta’lim forumi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi
18:57 / 2022-10-26

Xabar berganimizdek, bugun Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston-Rossiya uchinchi ta’lim forumi o‘z ishini boshladi. Unda ikki mamlakat oliy ta’lim vazirlik va idoralari, ta’lim muassasalari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalari vakillari ishtirok etmoqda.

Forumning yalpi majlisida dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tabrigini Prezidentning xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Igor Maslov o‘qib eshittirdi.

Davlat rahbarlarining tabrigida keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan hamkorlik O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik munosabatlariga to‘la mos holda ikki mamlakat aloqalarini rivojlantirish hamda uning ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlangan. bugungi kunda dunyoda global ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muammolar, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kimyo sanoati, tibbiyot va boshqa sohalardagi ilmiy hamkorlik ikki davlat xalqlari uchun manfaatli bo‘lishi qayd etilgan.

[gallery-9296]

bugungi kunda mamlakatimizda Rossiyaning 15 ta yetakchi oliy o‘quv yurti filiallari tashkil etilgan. Ularda 47 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 6 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, Rossiya rektorlar uyushmasi prezidenti, Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin, Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Natalya Bocharova, shuningdek, ikki davlatning turli vazirlik va idoralari mas’ul xodimlari uchinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur tadbir O‘zbekiston va Rossiya ta’lim tizimidagi yangiliklarni o‘rganish va keng joriy etish, yuzaga kelayotgan muammolarga birgalikda yechim topish, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki berayotganini ta’kidladilar.

– Bugun ta’lim jarayoni xalqaro standartlarga mos tarzda rivojlantirib borish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda oliy ta’lim muassasalari xorijiy davlatlardagi o‘quv va ilmiy dargohlar bilan hamkorlikni mustahkamlashi, birgalikda ishlashi zarur, – dedi O‘zbekiston oliy ta’limi yetakchisi A.Toshqulov. – Shu jihatdan O‘zbekiston va Rossiya oliy o‘quv yurtlarining yaqin hamkorligi ikki tomon maqsadlariga mos keladi va soha rivojiga xizmat qilmoqda. An’anaviy tus olgan mazkur forum esa bunda muhim rol o‘ynayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bu galgi tadbirimizda ikki tomondan nafaqat oliy ta’lim, balki yigirmadan ortiq sohalardan vakillar ishtirok etayotgani forum va unda muhokama etilayotgan masalalar ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tarmoqlarini qamrab olganligidan dalolat beradi.

Yalpi majlisda yirik ishlab chiqarish kompaniyalari rahbarlarining zamonaviy kadrlarga qo‘yilayotgan talablar va ularning malakasini oshirish bo‘yicha fikrlari, forum sho‘’ba majlislarida muhokama etilgan masalalar yuzasidan moderatorlarning hisobotlari eshitildi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA