Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi
17:20 / 2025-07-30

Inson huquqlarini himoya qilish, uning qadr-qimmatini asrab-avaylash, fuqarolar murojaatlarini hal etish eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bolalar Ombudsmani, Biznes Ombudsman kabi institutlar inson huquq va manfaatlarini himoya qilishda qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Devonida “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Unda bir qator tashkilot va idoralar vakillari bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha Komissiyasi raisi Tatyana Moskalkova ham ishtirok etdi. Tadbirda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashish xususida so‘z bordi. 

[gallery-24541]

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizda yangilangan Konstitutsiyamiz asosida inson qadrini ulug‘lash, huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi. 

O‘z navbatida, Tatyana Moskalkova inson huquqlari himoyasi yo‘nalishida O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar samaradorligini, xalqaro maydondagi tashabbuslarini e’tirof etdi. Shu bilan birga, MDH davlatlari doirasida inson huquqlari, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar huquqlari himoyasi bo‘yicha keng formatdagi ishlar olib borilayotganni ta’kidladi. Shuningdek, o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va erishilgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Inson huquqlarini himoya qilish, jumladan, murojaatlar bilan ishlash, jazoni ijro etish muassasalarida monitoring olib borish va insonparvar yondashuvni rivojlantirish borasidagi amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. 

Muloqot chog‘ida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlari, jamoatchilik nazorati, mahkumlar, migrantlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashdagi mexanizmlar, murojaatlarni ko‘rib chiqish amaliyoti va fuqarolarga yaqinlashuv singari masalalar muhokama qilindi. 

[gallery-24542]

Ta’kidlanganidek, Ombudsman instituti so‘nggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda ta’sirchan va amaliy yechim taklif qila oladigan milliy mexanizm sifatida shakllandi. 2025 yilning birinchi yarim yilligida fuqarolar, xorijiy davlat fuqarolari va tashkilotlardan jami 9 ming 800 dan ortiq murojaat kelib tushgan, davlat organlariga 100 dan ziyod ta’sir choralari — taqdimnomalar, talabnomalar va da’volar kiritilgan. Fuqarolar manfaati yo‘lida 3,8 milliard so‘mdan ortiq moddiy mablag‘ undirilishi ta’minlangan. Shuningdek, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, qism, jazoni ijro etish va majburiy davolash muassasalariga 491 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan bo‘lib, bu 2024 yilning mos davrida 452 marotabani tashkil etgan.

— MDH davlatlari inson huquqlari sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib keladi, — deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova. — Bugungi tadbir doirasida Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, MDH Inson huquqlari bo‘yicha Komissiyasi raisi boshchiligidagi vakillar O‘zbekiston Ombudsmani faoliyati bilan tanishish barobarida jazoni ijro etish muassasalari faoliyati, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishishdi. O‘zbekiston tajribasini o‘rganish bo‘yicha takliflarini bildirdilar. 2019 yilda Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili bilan memorandum imzolangan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida Ombudsmanning Rosssiyaga tashriflari davomida u yerdagi yopiq muassasalarga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, murojaatlar tinglanib, hal etilgan. Bugungi uchrashuv davomida ham bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsad qilingan. 

Davra suhbati yakunida O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Unda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qo‘shma monitoringlar, migrantlar o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish, fuqarolar murojaatlarini birgalikda ko‘rib chiqish, axborot va ilmiy-tadqiqot almashinuvi, shuningdek, milliy va xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yo‘nalishlar o‘z aksini topgan. 

Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA