Oliy Majlis Senatiga Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda elchining O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatining muvaffaqiyatli va samarali davri sarhisob qilindi. Uning so‘nggi to‘rt yil ichida O‘zbekiston - Rossiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi qayd etildi.

Parlamentlararo, shu jumladan, xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining siyosiy irodasi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun asos sifatida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, ikki tomonlama muloqotni faollashtirishda parlamentlarning ahamiyati ortib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA