Shu kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan "ICT Week Uzbekistan - 2025" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida "O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" DUK va Qozog‘istonning "ATS Mediafon KZ" MCHJ kompaniyasi o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimini takomillashtirish, bank antifrodi sohasida ilg‘or yechimlarni joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirish muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi.

Uchrashuv ishtirokchilari raqamli texnologiyalarning jadal o‘sishi sharoitida o‘zaro hamkorlikda ishlash muhimligini bildirishdi. Shuningdek, samarali kelishuv telekommunikatsiya xizmatlarining kiberxavfsizligi va ishonchliligi darajasini oshirish, foydalanuvchilarni firibgarlik va noqonuniy operatsiyalardan himoya qilish imkonini berishini ta’kidladilar.

Muzokaralar yakunida tajriba almashish, loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va bank firibgarliklariga qarshi kurashish masalalarida harakatlarni muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasida raqamli texnologiyalar, bank tizimlari hamda kiberxavfsizlik yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA