Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik islohotlar sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
18:29 / 2024-10-25

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligida Qozog‘iston delegatsiyasi ishtirokida 2025 yilga mo‘ljallangan strategik islohotlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Agentlik direktori Baxodir Rahmatov, qo‘shni davlat Senati Raisi o‘rinbosari Jakip Asanov, shuningdek Qozog‘istonning mamlakatimizdagi elchixonasi xodimlari va Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar muloqot davomida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, barqaror rivojlanish va investitsiya jalb qilish kabi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratdi. Umumiy maqsadlarga erishish uchun sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi, boshqaruv jarayoniga innovatsion texnologiyani integratsiya qilish muhimligi qayd etildi.

[gallery-19991]

– Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2022-yil 22-dekabrda yurtimizga davlat tashrifi doirasida Oʻzbekiston Strategik islohotlar agentligi va Qozogʻiston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi oʻrtasida 7 ta yoʻnalish, jumladan, strategik rejalashtirish, islohotlar samaradorligi va davlat organlari faoliyatini tahlil qilish boʻyicha hamkorlikni oʻz ichiga olgan memorandum tuzilgan, – dedi B.Rahmatov. – Shu munosabat bilan SIA va Qozogʻiston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi oʻrtasida 2025-yilga moʻljallangan hamkorlikka oid “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga, strategik islohotlar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyormiz.

Davra suhbati davomida ta’lim, fan va texnologiya, infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish orqali uzviy harakatni faollashtirish yo‘llari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, Qozog‘iston tomoni ham mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy farovonlik sari odimlash maqsadida O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi.

Tadbir yakunida uzoq muddatli izchil iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, fuqarolar farovonligi darajasini oshirish va Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni birgalikda amalga oshirish niyati ma’qullandi.

O‘tkir Alimov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA