Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning 2022 yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida 7 ta savdo shartnomasi va 24 ta qo‘shma investitsiyaviy bitim imzolangan edi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi muzokarada mazkur kelishuvlar ijrosini vaqtida ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar xususida so‘z bordi.
Tomonlar joriy qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, transport-logistika va hududlararo hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

O‘zaro savdo hajmi o‘sishining ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Oxirgi 6 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 2,5 barobar o‘sib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, ayni ko‘rsatkichni yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi. Xususan, oziq-ovqat, to‘qimachilik, avtomobil, elektr jihozlari, qora metal, neft-gaz mahsulotlari yetkazib berish hisobiga savdo ko‘rsatkichini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Joriy yil bahorida tashkil etilgan va o‘tgan oylarda 1,3 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi bunga hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Muloqot davomida sarmoyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, transport va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish bilan bog‘liq bugungi holat tahlil etildi. Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy qilish va o‘zaro manfaatli munosabatning yangi yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelgusi hamkorlik formati kelishib olindi.
O‘zA