French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida parlamentlararo aloqalar rivojlantiriladi
11:51 / 2023-10-26

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Tarixi va madaniyati mushtarak bo‘lgan o‘zbek va qozoq xalqlari do‘stligi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Muloqotda Qozog‘iston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan o‘tgan hamkor ekanligi, o‘zaro aloqalar so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda.  

[gallery-14220]

Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.  

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.  

O‘z navbatida, Yerlan Koshanov ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.  

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldi.  

Uchrashuvda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik kengashining Nizomi imzolandi.

Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik boʻyicha Kengashning birinchi yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi.

Unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, ekologiya, energetika va suv resurslari va boshqa sohalardagi aloqalar koʻlamini tobora kengaytirib borish lozimligi qayd etilib, mazkur yoʻnalishda ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Qozogʻiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.

M.Komilova,  

O‘zA