O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida avtobus qatnovi qayta tiklanadi
2022 yil 16 martdan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlarida qatnovlar qayta tiklanadi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi orqali Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Respublikasiga tranzit avtobus tashuvlarini tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi xalqaro avtobus qatnovlari koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yil 16 mart kuni to‘xtatilgan edi.
2022 yil 16 martdan tashuvchilar tomonidan Toshkent – Nursulton, Toshkent – Olmaota, Toshkent – Qizilo‘rda, Toshkent – Turkiston, Toshkent – Irgeli, Chirchiq – Chimkent, Chirchiq – Olmaota yo‘nalishlarida qatnovlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
O‘zA