Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qozog‘iston geologiya sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
14:52 / 2025-06-25

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Qozog‘iston Respublikasi Qurilish va sanoat vaziri o‘rinbosari Iran Sharxan boshchiligidagi rasmiy delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar geologiya va konchilik sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida tajriba almashish va istiqbolli qo‘shma loyihalar xususida so‘z yuritdi.

Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolari Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Minex Central Asia 2025” forumi yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlab, mazkur tadbir O‘zbekistonda geologiya va konchilik sohasiga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yorqin ifodasi ekanini qayd etdi. 

O‘z navbatida, mezbon tomoni so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar barqaror rivojlanayotganini, jumladan, geologiya va konchilik yo‘nalishidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, unda qo‘shma tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, malaka oshirish dasturlari hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. 

Tashrif doirasida qozog‘istonlik mehmonlar Geologiya fanlari universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Unda universitetning ilmiy laboratoriyalari, ta’lim jarayonlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlariga katta qiziqish bildirildi. 

Shuningdek, delegatsiya “Geologiya muzeyi” davlat muassasasiga tashrif buyurib, u yerdagi boy mineralogik kolleksiyalar, ilmiy ekspozitsiyalar va sohaning tarixiy rivojini aks ettiruvchi ko‘rgazmalardan katta taassurot oldi. 

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar geologiya va konchilik sohasidagi hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, muntazam muloqot va tajriba almashuvni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldi. Bunday muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil ekani qayd etildi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA