Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari rahbarlari uchrashdi
12:20 / 2022-09-29

Qozog‘istonning Chimkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Daniyar Janalinov bilan uchrashdi.

Tashrifda asosiy e’tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil dekabr oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida bojxona sohasiga doir imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning ijrosiga qaratildi. 

Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida ikkala mamlakat bojxona xizmatlari rahbarlari o‘tgan yil 25 dekabrda ishchi uchrashuv o‘tkazib, hamkorlikka doir bayonnomani imzolagan. 

Bu galgi uchrashuvda o‘zbek-qozoq davlat chegarasida joylashgan “Navoiy” (O‘zbekiston) – “Qoplonbek” (Qozog‘iston) hamda “Dout ota” (O‘zbekiston) – “Tajen” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarida qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish muddatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va bu jarayondagi vazifalarning ijrosi batafsil muhokama qilindi.  

Shuningdek, bojxona chegaralari orqali tranzit tarzda harakatlanayotgan tovar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashish tizimini joriy yil 15 dekabridan boshlab ishga tushirishga kelishib olishdi. 

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tashqi savdo bo‘yicha bojxona statistikasi ma’lumotlarini o‘zaro taqqoslash va muvofiqlashtirib borish, bojxona chegaralari orqali olib o‘tiladigan energiya resurslarini birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.  

Bojxonaga doir masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va hal etish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi elchixonasi tarkibida doimiy “bojxona xizmati vakili” faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan rejasi imzolandi.  

Kelishuvga binoan navbatdagi uchrashuv 2023 yilning ikkinchi choragida bo‘lib o‘tadi. 
 

O‘zA