Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qozog‘iston atom energetikasida strategik muloqotni davom ettirmoqda
11:40 / 2026-02-19

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev hamda Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov o‘rtasida ishchi uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot davomida tomonlar tinchlik maqsadlarida atom energetikasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish jarayonlari, shuningdek, mintaqada yadro va ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalarini muhokama qildi.

Qozog‘iston vakillari O‘zbekistonning Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilganini ijobiy baholab, mazkur qadam qo‘shni davlatlar uchun ishonchli huquqiy kafolatlar yaratishi va mamlakatning xalqaro xavfsizlik talablariga sodiqligini namoyon etishini ta’kidladi.

Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirda kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish, radioekologik kuzatuvlarni tashkil etish, ekologiya va suv resurslari bo‘yicha ma’lumot almashish, ehtimoliy favqulodda holatlarda tezkor axborot berish va javob choralarini muvofiqlashtirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari yuzasidan o‘zaro qiziqish bildirildi.

Tomonlar Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi vakillarining 2026-yil uchinchi-to‘rtinchi choraklarida “O‘zatom” agentligiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishchi tashrifi davomida muloqotni izchil davom ettirishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA