Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari o‘zaro munosabatni rivojlantirish masalasini muhokama qildi
08:58 / 2022-05-14

Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norovning Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot MDH tashqi ishlar vazirlari Kengashining Dushanbe shahridagi navbatdagi Majlisi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ikki mamlakat rahbarlarining doimiy aloqasi, ochiq va ishonchli muloqoti, qat’iy siyosiy irodasi natijasida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

O‘zbekiston - Qirg‘iziston hamkorligi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. 

O‘zaro savdo aylanmasi yuqori sur’atda o‘sayotgani alohida qayd etildi.

Hamkasblar 2022 yil 1 aprel kuni O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi chegara hududi rahbarlari kengashining 4-Majlisi yakunlarini ijobiy baholadi. Tadbir davomida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligi e’tirof etildi.

Muzokarada savdo va investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, turizm, mintaqalararo hamkorlik va madaniyat sohalaridagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatining bugungi holati va rivojlanish istiqboli muhokama etildi.

O‘zbekiston - Qirg‘iziston davlat chegaralarini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyiliga amal qilgan holda delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokarani jadallashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonlarning qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ikki tomonlama aloqani har jihatdan mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishini ta’kidladi.

Uchrashuv ochiq, do‘stona va amaliy ruhda o‘tdi.

O‘zA