Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Qirg‘iziston sherikligi kengaymoqda
14:35 / 2022-04-15

Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, suv-energetika, turizm va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi serqirra munosabatni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.
Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Jumladan, so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori 5 barobar oshib, 2021 yilda 950 million dollarga yetdi. bugungi kunda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun zarur shart-sharoit mavjudligi e’tirof etildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash bo‘yicha ishni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Investitsiya sohasida ham sezilarli yutuqlar ko‘zga tashlanyapti. Shu nuqtai nazardan tomonlar investitsiyaviy munosabat kengayishining katalizatori bo‘lishi kutilayotgan O‘zbek – qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi rasman ochilganini olqishladilar.
Bundan tashqari, hamkorlikka oid kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan barcha sohalarda munosabatni yanada rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish, amaldagi kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zA