O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 18-19 iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Toshkentda o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarda ikki do‘st mamlakat xalqlari manfaatiga xizmat qiladigan ko‘plab kelishuvlarga erishildi. Davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Umuman, tashrif davomida 16 ta hujjat imzolandi. Energetika, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sanoatida yirik qo‘shma loyihalarga start berildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilarining samimiy muloqoti 19 iyul kuni Xorazmda davom etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat birinchi xonimlari bilan birgalikda dastlab Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasi va Nurillaboy saroy majmuasiga tashrif buyurdi.
Xiva shahri 1990 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, 1997 yilda uning 2500 yilligi nishonlangan. Shahar 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda 120 dan ortiq me’moriy obidalar joylashgan.
Oliy martabali mehmonlar tanishuvni "Ota darvoza"dan boshlab, noyob "Ko‘hna ark" majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, "Toshhovli" majmuasi va boshqa obidalar bilan tanishdi.
Mehmonlar sharafiga o‘zbek xalq qo‘shiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Shundan so‘ng Nurillaboy saroyiga tashrif buyurildi.
Saroy-bog‘ majmuasi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda xivalik mohir ustalar bilan birga chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar.
Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qirg‘izistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov "Xiva gilamlari" kombinatida bo‘ldi.
2020 yilda tashkil etilgan mazkur korxonada yiliga 4,2 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilib, Xitoy, Rossiya, AQSH, Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Yevropaning yetakchi davlatlari texnologiyasi bilan jihozlangan zamonaviy kombinatda bugungi kunda 750 kishi mehnat qilmoqda.
Prezidentlar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va shourumini, shuningdek, kombinat hududida tashkil etilgan "Made in Uzbekistan" brendi ostidagi sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar.
Tegishli vazirlik va idoralarga o‘zaro tajriba almashish, kooperatsiya va savdoni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Urganch xalqaro aeroportida Prezident Sadir Japarov va rafiqasini kuzatib qo‘ydi.
O‘zA