So‘nggi yillarda Qatar amirligi O‘zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi ishonchli hamkorlaridan biriga aylanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar shiddat bilan rivojlanmoqda. Bu ayniqsa muntazam samimiy siyosiy muloqotning o‘rnatilganligida yaqqol aks etib turibdi.
Jumladan, birgina 2023 yilning o‘zida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston Respublikasiga 2 marta oliy darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham o‘sha yilning o‘zida Qatar amirligida davlat tashrifi bilan bo‘ldi.
Bo‘lib o‘tgan sammitlar o‘zining yuqori samaradorligi va sermazmunligi bilan ajralib turdi. Buni imzolangan ikkitomonlama xujjatlardagi qayd etilgan rejalarning miqyosida ko‘rsa bo‘ladi.
Masalan, 12 milliard dollar miqdordagi 24 ta kelishuvlarga erishildi. Shartnomalar ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan barcha strategik yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Eng muhimi, yuqoridagi oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar Qatar-O‘zbekiston munosabatlarining uzoq yillik dinamikasini oldindan belgilab berdi.
Natijada bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar o‘zgacha ruh va ko‘lam kasb etib bormoqda. Bu ayniqsa 2025 yili O‘zbekiston-Qatar Strategik hamkorlik bitimining ratifikatsiya qilinishida yaqqol aks etadi.
Qolaversa, Strategik hamkorlik maqomidagi munosabatlar uchun hamohang bo‘lgan institutsional tuzilmalar shakllantirilmoqda. Birgina tashqi ishlar vazirlari yetakchilik qiluvchi Muvofiqlashtiruvchi kengash kabi mexanizmning joriy etilganligi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Shu o‘rinda joriy yilning avgust oyida Doha shahrida bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yana bir muhim qadam bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish lozim.
Yaqin kunlarda kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Doha shahriga bo‘ladigan navbatdagi tashrifi esa
ikki davlat munosabatlarining yangi tarixi uchun yorqin sahifa bo‘lib muhrlanishi kutilmoqda.
Sababi olib borilgan ko‘p yillik muzokaralar va turli darajadagi uchrashuvlar tomonlar strategik maqsadlarining uyg‘unligi va keyingi iqtisodiy taraqqiyot yo‘llarining kesishganligini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, “Yangi O‘zbekiston – 2030” va “Qatar – 2030” milliy rivojlanish dasturlarining tub mohiyatida bir-biriga hamohang bo‘lgan taraqqiyparvar va elparvar rejalar yotibdi.
Ya’ni, ikki davlat rahbariyati ham tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini diversifikatsiya qilish va yangi texnologiyalarni transfer qilish orqali iqtisodning yangi modeliga o‘tish kabi o‘xshash intilishlarga ega.
Asosiy maqsad esa aholi farovonligini oshirish, davlat va jamiyat hayotini tubdan isloh qilish bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, O‘zbekiston va Qatar bir-birlariga tayanch bo‘lishlari mumkin.
Ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan iqtisodiy yo‘nalishlarning tahlili ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi.
Birinchidan, O‘zbekiston va Qatar tashqi savdo strukturasi bir-birini to‘ldirish hususiyatiga ega. Shu bilan birga ikki davlatning bugungi kundagi o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi savdo aloqalarini rivojlantirishda ulkan imkoniyatlar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.
Zero, Qatar amirligining 2024 yilda tashqi dunyo bilan savdo hajmi 130 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistondagi mazkur ko‘rsatkich 66 milliard dollarga teng.
Qolaversa, ikki davlat bir-birlari uchun yirik iste’mol bozori sifatida muhimdirlar. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik demografik ko‘rsatkichlarga ega (40 millionga yaqin aholi).
Aholining tarkibiy qismida yoshlar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etadi. Yani iqtisodiy faol aholining soni katta. Ular iste’mol ehtiyojlari yuqoriligi bilan boshqa yosh guruhlardan sezilarli ravishda farq qilishadi.
Qatar esa unchalik yirik bo‘lmagan 3 millionga yaqin aholiga ega bo‘lsa ham, aholi harid qobiliyati yuqoriligi bilan boshqa davlatlardan ajralib turadi.
Masalan, turli reyting agentliklari aholi jon boshiga hisoblaganda Qatar yillik Yalpi ichki mahsulotini 70 ming dollardan 100 ming dollargacha baholashmoqda. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Shu nuqtai nazardan Qatar amirligi O‘zbekiston eksporti uchun muhim yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin. Ayniqsa, rangli metallar, elektrotexnika buyumlari hamda oziq-ovqat, tekstil va yuvelir mahsulotlarini yetkazish yo‘nalishlarida O‘zbekiston imkoniyatlari katta.
O‘z navbatida O‘zbekiston Qatar uchun muhim strategik yo‘nalish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tayanch davlatlardan biriga
aylanishi mumkin.
Shu o‘rinda 2026 yilda Doha shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Made in Uzbekistan» O‘zbekiston eksport potensiali taqdimot tadbirining ahamiyati nihoyatda baland ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Qolaversa, tomonlar o‘zaro imtiyozli savdo tizimini joriy etishni muhokama qilishmoqda.
Ikkinchidan, Qatar energetika sohasida yirik imkoniyatlarga ega davlat. Bu, bir tomondan, mamlakatning gaz zahiralari bo‘yicha dunyodagi uchinchi, neft zahiralari bo‘yicha o‘n uchinchi davlat ekanligi bilan o‘lchanadi.
Boshqa tomondan, Amirlik neft va gaz resurslarini izlash geologik qidiruv va energetik sanoatni rivojlantirish bo‘yicha uzoq yillik boy tajribaga ega.
Shuning uchun ham mazkur yo‘nalishda Qatar O‘zbekiston uchun muhim hamkor bo‘lishi mumkin. Zero, “Yangi O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot dasturida aholining energetik xavfsizligini kafolatlash eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Ya’ni, Amirlik O‘zbekiston energetika tizimini isloh etishda, uning samaradorligini oshirishda va energetika ishlab chiqarish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda ishonchli sherik bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan, Qatar investitsion imkoniyatlari yuqori bo‘lgan davlatlar sirasiga kiradi. Amirlikka tegishli yetakchi fond – Qatar investitsiya boshqarmasi (QIB) tasarrufi ostida 500 milliard dollarga yaqin
mablag‘ mavjud.
Qolaversa, 2021 yildan QIB investitsion siyosatida o‘zgarishlar yuz berdi. Shu davrgacha fond sarmoyalari AQSH va Yevropa bozorlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, endilikda QIB o‘z faoliyatini Osiyo qit’asining rivojlanayotgan mamlakatlarida kuchaytirmoqda. Shu maqsadlarda 2021 yildan QIBning Singapurdagi muvofiqlashtiruvchi ofisi o‘z faoliyatini boshladi.
O‘zbekiston ham QIB qiziqish doirasidan joy egallagan davlatlardan biriga aylanmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston infrastrukturaviy rivojlanish, energetika, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalariga Qatar investitsiyalarini jalb etish bo‘yicha jadal muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlarda bir qancha Qatarning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi rejalashtirilgan.
Masalan, hozirgi kunda Qatar Pharma bilan hamkorlikda farmatsevtika ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, elektr avtobuslari ishlab chiqarish zavodini qurish, Qatar Mining va Petro White bilan mineral qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish hamda Ariane Real Estate va Al Mana Group ishtirokida innovatsion shahar infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar muhokama markazida turibdi.
Shunday qilib, yuqoridagilarning barchasi O‘zbekiston Qatar tashqi iqtisodiy faoliyati uchun jozibador yo‘nalishga aylanganligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston Qatar kompaniyalari uchun yirik iqtisodiy sinov maydoniga aylanmoqda, undagi muvaffaqiyat Qatar uchun o‘z faoliyatini Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham kuchaytirishga zamin hozirlaydi.
Bundan O‘zbekiston ham manfaatdor. Qatar kapitali faoliyati mamlakat taraqqiyot strategiyasidagi maqsadlar bilan hamohang. Shuning uchun ham rejalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Doha shahriga tashrifi har qachongidan sermazmun bo‘lishi kutilmoqda. Navbatdagi oliy darajadagi sammit yuqorida ko‘rilayotgan barcha istiqbolli loyihalarda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Aziz Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy hodimi