O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Qatarda bo‘ldi.
Xizmat safari davomida ikki davlat madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniyat tashkilotlari faoliyati bilan tanishish hamda xorijiy tajriba asosida milliy madaniyatimizni yanada kengaytirish maqsadida bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, Doha shahrida joylashgan “Qatar madaniyat qishlog‘i” majmuasiga tashrif buyurildi hamda majmua faoliyati bilan tanishildi. “Qatar madaniyat qishlog‘i” majmuasi Doha shahridagi eng katta madaniyat va san’at markazlaridan biri bo‘lib, madaniyat, san’at, teatr, arxitektura, raqamli tajribalar va xalqaro tadbirlarni bir yerda jamlagan noyob maskan hisoblanadi. Majmuada amfiteatr, 3 ta san’at muzeyi, opera uyi, drama teatri, turli millatlar taomlari va mavjud restoranlar faoliyat yuritmoqda. Mazkur majmuada Qatar xalqaro san’at festivali, Qatar xalqaro arab otlari festivali, bayroq va harbiy musiqa festivali kabi yirik tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Xizmat safari davomida Bahodir Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Qatar davlat filarmoniyasi orkestr rahbari Kurt Meyster bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki davlat filarmoniyalari o‘rtasida hamkorlik qilish, xususan, O‘zbekiston va Qatarda tashkil etiluvchi xalqaro madaniy tadbirlarda doimiy ishtirok etish, qo‘shma konsert dasturlarini tashkil etish, shuningdek, ikki davlat filarmoniyalari o‘rtasida hamkorlik bitimini imzolash orqali aniq tadbirlar rejasini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari hamda Doha shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov hamda Qatar madaniyat vazirligi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Nosir al Malik o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda Bahodir Ahmedov tomonidan o‘zbek milliy maqom san’atini Qatarda keng targ‘ib qilish, qatarliklar uchun maqom kechalari va mahorat darslarini tashkil etish, qo‘shma madaniy tadbirlar va gastrol safarlarini amalga oshirish taklif qilindi.
O‘z o‘rnida Nosir al Malik Qatar O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi mas’ullari tomonidan taklif etilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
N.Usmonova,
O‘zA