Oliy Majlis Senatiga Polsha Respublikasi parlamenti Senati Emigratsiya ishlari va xorijdagi polyaklar bilan aloqalar komissiyasi raisi Bogdan Borusevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat xalqlarining tarixiy do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlararo hamkorlik asosida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish, Yevropa Ittifoqi bozorlariga milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, savdo uylarini tashkil etish, shuningdek, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, ta’lim va hududlararo hamkorlik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga e’tibor qaratildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Polsha fuqarolariga nisbatan o‘zbek xalqi tomonidan ko‘rsatilgan mehr-oqibat va mehmondo‘stlik alohida qayd etildi. Mamlakatimiz hududida dafn etilgan polyaklar xotirasi e’zoz bilan yodga olindi.
Bogdan Borusevich Ikkinchi jahon urushi davrida polyak xalqiga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami hamda yurtimizdagi polyaklar qabristonlariga qaratilayotgan e’tibor va olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari uchun o‘zbek xalqiga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
N.Abduraimova, O‘zA