Mamlakatimizning ochiq iqtisodiy siyosati, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari ko‘plab davlatlarning e’tiborini tortmoqda. Xususan, xorijiy mamlakatlar bilan savdo va investitsion aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar shakllanmoqda.
Ana shunday jarayonlarning amaliy ko‘rinishi sifatida Polsha delegatsiyasining mamlakatimizdagi uchrashuvlari ikki davlat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov hamda Polsha Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Kraevski “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat ta’minotini diversifikatsiya qilish hamda bozorga yangi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida Zafar Hoshimov “Korzinka” tarmog‘ining faoliyati, respublika miqyosida aholiga sifatli va barqaror ta’minot yaratishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Suhbat davomida Polsha mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirishda “Korzinka” tarmog‘i muhim sherik sifatida katta imkoniyatlarga ega ekani, yirik logistika infratuzilmasi va keng savdo maydonining ishonchli platformaligi alohida qayd etildi.
Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini muntazam va tizimli ravishda eksport qilishga tayyorligini bildirdi. Jumladan, shakar yetkazib berish bo‘yicha dastlabki takliflar taqdim etildi. Shuningdek, oziq-ovqatning boshqa turlari va qayta ishlangan mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha keng qamrovli rejalar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar savdo almashinuvini oshirish, Polshaning sifatli mahsulotlarini O‘zbekiston iste’molchilariga yetkazish va chakana savdo tarmog‘i bilan uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.
M.Hojiakbarova, O‘zA