O‘zbekiston va Pokiston neft-gaz sohasidagi hamkorligini chuqurlashtirish masalasi mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev va Pokiston Islom Respublikasi neft ishlari bo‘yicha federal vaziri Ali Parviz Malik o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaraning asosiy mavzusiga aylandi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar energetika yo‘nalishi bo‘yicha sheriklikning joriy holati va istiqbolini muhokama qilarkan, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi. Mezbon vazir respublikamizning neft-gaz sohasidagi tajribasini yuqori baholab, ushbu strategik muhim yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish muhimligiga urg‘u berdi.
Uglevodlarni qidirish, qazib olish va qayta ishlash salohiyatini o‘rganish, bu borada aniq tashabbuslarni ilgari surish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan takliflar tayyorlash va umumiy sa’y-harakatni muvofiqlashtirish uchun ikki mamlakat tegishli idoralari vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Pokiston suyultirilgan uglevodorod gazi, siqilgan tabiiy gaz va qayta ishlangan neft mahsulotlari importi bo‘yicha yirik mamlakat bo‘lib qolishi, bu O‘zbekiston bilan barqaror, uzoq muddatli kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoit yaratishi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Pokiston hududida neft va gaz konlarini o‘zlashtirishda faol ishtirok etishi, neftni qayta ishlash quvvatini modernizatsiya qilish, geologik axborot va ilg‘or texnologiya almashish hamda malakali mutaxassislarni birgalikda tayyorlash loyihalari ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Aziza Alimova, O‘zA