O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni Parlamentga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida mamlakat tashqi siyosatining kelgusi yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan.O‘zbekistonning ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarini kengaytirish ko‘zda tutilgan asosiy hamkorlari sifatida Hindiston va Pokiston tilga olingan edi.
Toshkent mintaqaviy siyosatining janubiy yo‘nalishi, ayniqsa Afg‘oniston va Pokiston orqali qisqa yo‘l bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hind okeaniga chiqish yo‘lidagi intilish hamisha ustuvor ahamiyat kasb etgan. Geografik jihatdan Janubiy Osiyoning Markaziy Osiyoga tutash, strategik jihatdan o‘ta muhim qismida, Yaqin va O‘rta Sharqqa yaqin joylashgani Pokistonning global va mintaqaviy geosiyosat nuqtai nazaridan nihoyatda muhimligini ifodalaydi.
O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar nomzodi Shoislom Akmalov bilan ayni mavzuda - Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki mamlakati hamkorligi nuqtai nazaridan zamonaviy O‘zbekiston va Pokiston munosabatining eng dolzarb masalalari xususida suhbatlashdik.
- Shoislom Ikromovich, suhbat mavzusi aniq. Marhamat, so‘z sizga.
- Avvalo, O‘zA sahifasida fikr bildirish imkoniyatini taqdim etganingiz uchun minnatdorlik izhor qilmoqchiman.
Zamonaviy O‘zbekiston va Pokiston munosabati bir-biriga bog‘langan ikki suveren davlatning uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorligini o‘rnatish va rivojlantirish maqsadiini aks ettiradi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston Pokiston Islom Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, siyosiy-diplomatik, ilmiy-gumanitar, madaniy va boshqa sohalarda aloqa o‘rnatish va o‘zaro munosabatni yanada rivojlantirish yo‘lini tanladi. Bu Toshkentning Janubiy Osiyo mamlakatlari – Hindiston va Pokiston bilan tashqi siyosatiga to‘la mos kelar edi.
Dastlabki bosqichda Islomobod O‘zbekistonni o‘zining Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik rejalarini amalga oshirish uchun jalb qilishga qiziqish bildirdi. Bunday yondashuv Pokistonning turli darajadagi vakillari rasmiy tashriflarida aks etdi. 1992 yil mart oyida O‘zbekistonga Pokiston moliya vaziri Sartoj Aziz tashrif buyurdi. O‘sha yili iyun oyida Bosh vazir Navoz Sharifning Toshkentga tashrifi chog‘ida Davlatlararo munosabat va hamkorlik tamoyili to‘g‘risidagi shartnoma, ikki mamlakat o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti 1992 yil avgust oyida javob tashrifi bilan Pokistonga bordi, muzokara yakuni bo‘yicha energetika va irrigatsiya, pochta va telekommunikatsiya aloqasini rivojlanitirish, investitsiyani o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va boshqa sohalarda hamkorlikka qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi. Savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirish masalasi keyingi oliy darajadagi Pokiston va O‘zbekiston uchrashuvida asosiy o‘rin egalladi. Mazkur masala muhokamasi Bosh vazir Benazir Bxuttoning Toshkentga 1995 yil may oyidagi tashrifi chog‘ida davom etdi.
Afsuski, Islomobodning 90-yillar ikkinchi yarmi va biroz keyingi davrdagi pozitsiyasi ikki tomonlama munosabat darajasi va xususiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
- Men o‘sha paytda o‘zaro munosabatning, deyarli, yo‘qqa chiqqan 20-25 yillik tarixini yaxshi eslayman. Har holda, tomonlar butunlay qo‘l qovushtirib o‘tirmagandir?
- Fikringizda jon bor, ayrim dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilingan. Afg‘on inqirozi boshlanishi bilan, aniqrog‘i, Pokiston va O‘zbekiston munosabati o‘rnatilgandan keyin Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha birgalikda harakat qilish yuqori darajada muhokama qilingan, eng dolzarb va muhim masala bo‘lib kelgan. O‘zbekiston tomonidan vaziyatni izga solish nafaqat Afg‘onistonda, balki umuman Janubiy va Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlikni qaror toptirish, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, noqonuniy qurol va giyohvand moddalar aylanmasining oldini olish masalalari bilan bevosita bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Pokiston O‘zbekistonga xayrixohlik bildirib, 2001 yil yanvar oyida Ekstraditsiya to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi va O‘zbekiston hukumatini xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolarini tutish va topshirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oldi. Ma’lumot va razvedka axboroti almashish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Prezident Parviz Musharrafning Toshkentga 2005 yil 5-6 martdagi tashrifi chog‘ida tomonlar Xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuvni qabul qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining 2006 yil may oyidagi Islomobodga tashrifi chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirish va terrorizmga qarshi faoliyatni muvofiqlashtirishga kelishib oldi. Shuningdek, Janubiy Osiyo mintaqasining boshqa mamlakatlari bilan savdo ko‘lamini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga hamda Pokiston portlariga chiqishni ta’minlashga qaratilgan avtomobil va temir yo‘llari barpo etishga intilish qayd etildi.
- Ikki mamlakat hamkorligining zamonaviy bosqichi to‘g‘risida ham so‘zlab bersangiz.
- O‘zbekiston va Pokiston rahbarlarining oqilona, chuqur o‘ylangan siyosati tufayli so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi. O‘tgan davr mobaynidagi sa’y-harakatlar Toshkent va Islomobodning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlikka doir manfaatini yanada to‘liq hisobga oluvchi ko‘p qirrali hamkorlikni ifodalaydi. Bosh vazir Imron Xonning 2021 yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, joriy yil mart oyida Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanishi tomonlarning Afg‘oniston hududidan o‘tuvchi transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi intilishini aks ettiradi.
“Asr loyihasi” nomini olgan, eng ustuvor loyihalardan biri hisoblangan Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li qurilishi nafaqat O‘zbekiston va Pokistonning, balki ikki mintaqaning boshqa xalqlari umumiy farovonligiga ham xizmat qiladi.
- Janubiy Osiyo ulkan savdo va investitsiya bozoridir. So‘nggi yillarda aynan shu mintaqa Toshkent tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabat to‘g‘risida batafsil to‘xtalsangiz.
- O‘zbekistonning Janubiy Osiyoga qiziqishi so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga bevosita bog‘liq. Hindiston va Bangladesh bilan bir qatorda mamlakatimiz sanoati, qishloq xo‘jaligi va xizmat sohasini rag‘batlantira olishga qodir Pokiston bozori ulkan iste’mol salohiyatiga ega.
O‘zbekiston va Pokiston munosabatining joriy holatini, shuningdek Toshkentning mintaqaviy xavfsizlik masalasi bo‘yicha yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan hamkorligi yo‘nalishlarini tahlil qilish mazkur mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv uchun sifat jihatidan yangi zamin yaratmoqda. Ayni holat davlatlarimiz tashqi siyosiy faoliyati umumiy manfaatiga mos.
Pokiston va O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bosh g‘oya iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xavfsizlik masalasini hal qilishdan iborat. Bunda Toshkent va Islomobod hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili sifatida Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga urg‘u bermoqda. Bu esa bir vaqtning o‘zida Pokiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy muammolarni hal qilishga doir sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yuqorida qayd etilgan fikrlarni umumlashtirgan holda, so‘nggi bir necha yillik munosabat mazmun-mohiyati jihatidan Toshkent va Islomobodning davlatlararo muhitni sog‘lomlashtirish, ikki qo‘shni mintaqaning o‘zaro bog‘liqligi va hamkorligi ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy barqarorlik hamda xavfsizlik muammosiga yondashuvi transformatsiyasining yorqin misoli, deyish mumkin.
- Mazmunli suhbat uchun tashakkur, Shoislom Ikromovich. O‘ylaymanki, bildirilgan fikrlar mintaqaviy sheriklik masalasiga qiziquvchi o‘quvchilarimiz uchun ham foydali.
O‘zA siyosiy sharhlovchisi
Abror G‘ULOMOV suhbatlashdi.