Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Pokiston hamkorligining yangi yo‘li
14:27 / 2026-02-06

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Islomobodda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar samarali, ochiq va natijalarga yo‘naltirilgan ruhda kechdi. Bu esa mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy integratsiya va uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam asos yaratadi.

Uchrashuvlar chog‘ida tomonlar jami 28 ta ikki tomonlama kelishuv va memorandumlarni imzoladi, ular turli sohalarni – savdo va investitsiya, mudofaa va xavfsizlik, ta’lim va ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, madaniyat va sport hamda ekologiya va falokatlarni boshqarishni qamrab oldi. Bu kelishuvlar ikki mamlakat munosabatlarining keng ko‘lamli ekanligini tasdiqlaydi. 

Iqtisodiy hamkorlik borasida ikki davlat tomonlari savdo ayirboshlash hajmini kelasi besh yil ichida 2 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadini belgiladi. Bu bugungi kun munosabatlaridagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ikki tomon shu munosabat bilan maxsus protokol imzoladi va birgalikda ishchi guruh tuzish orqali besh yillik harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi. 

Muzokaralar davomida siyosiy-diplomatik muloqot bilan birga, mintaqaviy va global xavfsizlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash kabi ustuvor masalalar muhokama qilindi, jahon hamjamiyatidagi ichki va tashqi siyosiy holatlar yuzasidan fikrlar almashildi. Bu Prezidentlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni yanada chuqurlashtirib, mintaqaviy hamjamiyatning muhim omillariga aylanadi. 

Transport-kommunikatsiya va logistika sohasida ham rejali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li loyihasi ikki mamlakatni Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim savdo va tranzit arteriyasi sifatida bog‘lashda strategik ahamiyat kasb etadi. Bu esa mintaqaviy savdo hajmini oshirish va umuman iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, madaniy va gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha ham aloqalar kengaytirilishi belgilandi. Yoshlar almashinuvi, ta’lim dasturlari, sport va madaniyat loyihalari ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlikni yanada mustahkamlaydi va ikki mamlakatning faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy-madaniy sherikligi ham kuchayayotganidan dalolat beradi.

Islomoboddagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat hamkorligining strategik yo‘nalishlarini amaliy qadamlar bilan ta’minladi. Erishilgan kelishuvlar va belgilangan raqamlar O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu natijalar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchni mustahkamlaydi hamda mintaqaviy taraqqiyotni rag‘batlantiruvchi tarixiy sa’y-harakat sifatida e’tirof etiladi.

Davron Kesimov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

 Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.

O‘zA