Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Pokiston davlat xaridlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
15:47 / 2025-10-21

Davlat xaridlari tizimi har bir mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va samarali sarmoyalarni boshqarishda muhim o‘rin tutadi. Samarali hamkorlik va tajriba almashish davlat xaridlarini ochiq va shaffof qilish, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda sohada malakali kadrlarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Pokiston davlat xaridlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Kuni kecha  Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori Sarvar Nazarov va Pokiston Davlat xaridlarini muvofiqlashtirish organi rahbari Hasnat Xurshed Qo‘reshi o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv asosan ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi kelishuvlarning amaliy ijrosini muhokama qilish, davlat xaridlari sohasida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va tajriba almashishga bag‘ishlandi.

Suhbat davomida tomonlar har bir davlatning xaridlar tizimi, uning hozirgi holati va rivojlantirish rejalari haqida fikr almashdi. Shuningdek, hamkorlik uchun salohiyatli yo‘nalishlar tahlil qilindi va ularni rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda qonunchilik va normativ-huquqiy baza, elektron platformalardan samarali foydalanish hamda sohada malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini muntazam oshirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Shuningdek, ilg‘or tajriba va amaliyotni almashish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Hamkorlikning dastlabki bosqichida “Ishchi guruh” tashkil etilishi va unga belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar davlat xaridlari sohasida hamkorlikni muntazam ravishda davom ettirish va tajriba almashishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA