English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Pokiston biznes vakillari o‘rtasida to‘qimachilik forumi bo‘lib o‘tdi
20:10 / 2021-07-14

Toshkent shahri 15-16 iyul kunlari «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qiladi.

Konferensiya doirasida 14 iyul kuni poytaxtimizda O‘zbekiston va Pokiston biznes vakillari o‘rtasida to‘qimachilik forumi bo‘lib o‘tdi.  

«O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Pokiston To‘qimachilik kompaniyalari uyushmasi raisi Gohar Ejas boshchiligidagi ushbu mamlakatning 30 dan ortiq to‘qimachilik korxonalari vakillari ishtirok etdi.  

Forumda O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida to‘qimachilik sohasini rivojlantirish, o‘zaro munosabatlar va davlatlararo kelishuvlar masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil Pokistonga 16,5 million dollar miqdoridagi to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan. 2021 yil birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 30,4 million dollarni tashkil etgan.

2021 yil fevral oyida Pokiston to‘qimachilik kompaniyalari ishbilarmonlar delegatsiyasi Namangan viloyati salohiyati bilan tanishish uchun yurtimizga tashrif buyurgan edi. Tashrif yakunida "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi, Namangan viloyati hokimligi va Pokiston To‘qimachilik uyushmasi o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolangan edi.  

Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘qimachilik sanoatida foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p ekani ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishda o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Pokiston kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

– Pokiston O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta tolasining asosiy iste’molchilaridan biri. O‘zbek paxta tolasi yuqori sifati bilan jahonga mashhur. Bu Pokiston to‘qimachilik kompaniyalari uchun ham istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Mazkur forum bu boradagi hamkorlikni kengaytirish uchun yaxshi imkoniyatdir, – dedi Pokiston To‘qimachilik kompaniyalari uyushmasi raisi Gohar Ejas.

Forum doirasida "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi va Pokiston To‘qimachilik kompaniyalari uyushmasining to‘qimachilik hamda savdo aloqalari yuzasidan taqdimotlari namoyish qilindi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA