O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Paragvay Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirdi. Tashrif doirasida Asunson shahrida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, sanoat va savdo, chorvachilik, geologiya vazirlari hamda Milliy elektr energiyasi ma’muriyati – ANDE rahbari bilan muzokaralar olib borildi.
Tomonlar o‘zaro bozorlarga kirish imkoniyatini bosqichma-bosqich kengaytirish, savdo hajmini oshirish, agro sanoat, energetika, konchilik, kimyo va to‘qimachilik sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish, shuningdek izchil hamkorlik uchun mustahkam institutsional asos yaratish masalalarini muhokama qildilar.
Savdo aylanmasini jadallashtirish, go‘sht mahsulotlari muntazam yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston o‘g‘itlari va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirish zarurligi ma’qullandi. “Maquila” tartibi asosida “Mercosur” bozoriga chiqish uchun qo‘shma loyihalar amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Hukumatlararo komissiya tuzish hamda 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqish lozimligi ham aytildi.
Shuningdek, safar davomida Paragvayning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, amaliy natija beradigan investitsiya loyihalari hamda erishilgan kelishuvlarni tezkor ijroga yo‘naltirishga kelishib olindi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA