O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Ozarboyjon Markaziy banki kapital va sug‘urta bozorlari, kripto-aktivlar aylanmasi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hujjat xalqaro tadbirlar, seminarlar, forumlar va treninglarni tashkil etish, onlayn uchrashuvlar va qisqa muddatli o‘quv yig‘inlarini o‘tkazish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, tegishli sohalarda qonunchilik va statistik ma’lumotlar almashish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida innovatsion moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, moliyaviy inklyuzivlik va operatsion samaradorlikni oshirish, shuningdek fintex-kompaniyalarni tartibga solish va yangi moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar bilan o‘rtoqlashish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Qayd etish kerak, ushbu hamkorlik ikki o‘lka o‘rtasidagi keng qo‘lamli aloqalarning mantiqiy davomidir. 2025 yil noyabr oyida Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘laqonli ishtirok etgan, dekabr oyida esa mamlakatlarimiz 2026 yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik rejasini imzolagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA