Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish mexanizmlari muhokama qilindi
12:53 / 2023-08-21

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi strategik rivojlantirish masalalari boʻyicha direktor maslahatchisi X.Gʻaniyeva boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon davlatida boʻlib, ushbu mamlakat Iqtisodiy hududlarni rivojlantirish agentligi raisi oʻrinbosari Elkiyar Ziyadov bilan uchrashdi.

Unda Oʻzbekistonning – “TSMT”, “Baxtteks”, “ASTESS Atramatik Steril Jarrohlik Iplari”, “Zamin Bio Health”, “ Pharm”, “Shifokor-82 Fe” kabi ishlab chiqarish korxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Muzokaralar davomida X.Gʻaniyeva Ozarbayjon tomonini agentlik va Oʻzbekiston farmatsevtika ishlab chiqaruvchilarining faoliyati bilan tanishtirdi.

Ozarbayjon vakillari Oʻzbekiston tomoniga oʻz agentligi, tashkiliy va infratuzilmaviy taʼminot, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, roʻyxatga olish tartiblari, har bir sanoat parkining imtiyozlari haqida maʼlumot berdi.

Yigʻilish doirasida Oʻzbekistonning ishlab chiqarish korxonalari vakillari oʻz taqdimotini oʻtkazib, mahsulot namunalarini namoyish etdi. 
Bundan tashqari, Ozarbayjon Iqtisodiy hududlarni rivojlantirish agentligi vakillari Oʻzbekistonning “Pirallahi“ sanoat parki hududi va rezidenti “Diamed Co” MCHJ – shpris ishlab chiqaruvchi korxonasi bilan tanishdi. Oʻzbekistonning ishlab chiqarish korxonalarini Ozarbayjon hududiga jalb etish imkoniyatlari bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Ozarbayjon Respublikasining “Azpromo” eksport va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash agentligi kelgusida koʻrib chiqilishi uchun imtiyoz va preferensiyalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi, shuningdek, Ozarbayjon Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Ozarbayjon investitsiya fondi bilan hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Bu tashkilotlarning koʻmagi Oʻzbekiston kompaniyalarining Ozarbayjon bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishi va rivojlanishini taʼminlashi, tajriba va bilim almashishiga koʻmaklashishi mumkin.

Bundan tashqari, Ozarbayjon Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining farmatsevtika va tibbiy asbob-uskunalar boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Shahbala Yagubov Ozarbayjon Sogʻliqni saqlash vazirligi tajribasi va malakasi asosida hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Bu yoʻnalishda farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish mexanizmlari muhokama qilindi va oʻzaro axborot orqali qoʻllab-quvvatlash haqida kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat farmatsevtika sanoatidagi yirik distribyutor kompaniyalar vakillari oʻrtasida “B2B” formatida uchrashuvlarda esa oʻzaro axborot almashinuvi, distribyutorlik tarmogʻini kengaytirish va tibbiy mahsulotlardan ikki mamlakat bozorlarida samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha qoʻshma strategiyalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash agentligi rahbari Yusif Abdullayev bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda “Azpromo” rahbari Oʻzbekiston tomoni vakillariga har tomonlama maslahat va axborot yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish kontekstida oʻzining qiymati va ahamiyatini isbotladi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Abdulaziz RUSTAMOV, OʻzA