O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Bag‘rikenglik tamoyili asosida yashayotgan bu millatlarning yashash tarzi, urf-odatlari o‘zbeklar hayoti bilan chambarchas bog‘lanib ketgan.
Yurtimizda ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, barcha millat va elatlarning tinch-totuv hayot kechirishlarini ta’minlash borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash millatlararo totuvlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Boku shahrida “O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda xalq diplomatiyasining o‘rni” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev ishtirok etdi.
— O‘zbekiston va Ozarbayjonni ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari, umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi, — dedi Qahramon Sariyev. — Bugungi kunda har ikki xalq o‘rtasidagi diplomatik aloqalar davlatlar va xalqlar o‘rtasida ishonch, o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashning samarali vositasi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari do‘stligi forumini har ikki mamlakatda muntazam o‘tkazish, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish kabi bir qator amaliy tashabbuslar ilgari surildi. Xiva va Shusha birodarlashgan shaharlari o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish borasidagi taklif esa barchaga birdek manzur bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/me_4YPP0W_k" title="Oʼzbekiston va Ozarbayjon doʼstona munosabatlarni rivojlantirishda xalq diplomatiyasi oʼrni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, O‘zA muxbiri