Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Ozarbayjon olimlarining monografiyasi nashr etildi
09:24 / 2023-03-12

«O‘zbekiston-Ozarbayjon» Do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori Erkin Nuriddinov va ozarbayjonlik yosh olim, tarix fanlari nomzodi Azer Adigezalovning “Uzbekistan – Azerbaydjan: istoricheskiy aspekt kulturno-duxovnogo vzaimosotrudnichestva bratskix narodov” (O‘zbekiston-Ozarbayjon: qardosh xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’naviy hamkorlikning tarixiy jihati) mavzusidagi monografiyasi “Renessans Press”  nashriyotida rus tilida nashr etildi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi loyihasi asosida chop etilgan monografiyadan ikki qardosh xalqning qadim davrdan to bugungi kunga qadar kechgan madaniy-ma’naviy hamkorligiga, davlatlar aro munosabatga oid aniq faktlar, rasmiy hujjatlar, arxiv materiallariga oid tarixiy ma’lumotlar joy olgan.

Nashrda qayd etilishicha, eramizdan avvalgi II-I asrlardagi Xitoy va Hindistondan boshlangan eng gavjum savdo yo‘li O‘rta Osiyo orqali o‘tib, Kaspiy dengiziga yetib borgan, olovlar yurti – Ozarbayjon orqali Yevropaga cho‘zilgan. Bu yo‘l Strabon tomonidan “Buyuk Ipak yo‘li” deb nomlangan. Qo‘lanmada Buyuk Ipak yo‘lining uch asosiy karvon yo‘lidan biri Markaziy Osiyoning Farg‘ona vodiysi hamda Kavkazdagi qadimgi Ozarbayjon – Atropatena davlati yerlari orqali o‘tgani ifodalangan.

Mualliflar sobiqsovet davri va mustaqillikdan keyingi davrga nazar solinib, yirik siyosiy arbob, Ozarbayjon xalqi milliy yetakchisi Haydar Aliyev qardosh davlatlar, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatga, xususa, 1993 yil qayta hokimiyat tepasiga kelgach, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni tiklashga alohida ahamiyat berganiga urg‘u berilgan.

To‘plamda jamoat tashkilotlari madaniy aloqa rivojida muhim o‘rin tutgani ta’kidlanib, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan yurtimizda amalga oshirilgan ko‘plab loyihalar, jumladan, Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti haftaligi, kino, musiqa va oshxona kunlari, konferensiya va uchrashuvlar, do‘stlik konsertlari tashkil etilgani, memorandumlar imzolangani hamkorlik yo‘lida yangi imkoniyatlar ochishi qayd qilingan.

Kitobning birinchi bobida antik va o‘rta asrlardagi hamkorlikka qisqacha “sayohat” uyushtirilib, ikkinchi bobda XIX-XX asrlarga oid munosabat, Turkiston va Ozarbayjondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga bag‘ishlangan, ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat sohalari bo‘yicha sheriklikni rivojlantirishda teatrning o‘rni, jipslashuv va siyosiy birlik g‘oyalarini rivojlantirish kabi masalalar aks etgan.

Ilmiy-tadqiqot ishining uchinchi bobida ikki xalq o‘rtasida bir xil davlatchilik tizimida namoyon bo‘lgan madaniy-ma’naviy hamkorlik holati tahlil qilingan. To‘rtinchi bobda yangi geosiyosiy vaziyat, mustaqil davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro munosabatning shakllanishi, tashqi siyosat, ikki suveren mamlakat hamkorligining huquqiy asosini yaratilishi haqida so‘z borgan.

Mualliflar beshinchi bobda madaniy va ma’naviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga, munosabatlarni rivojlantirishda davlat va jamoat tashkilotlari roliga alohida e’tibor qaratib, madaniyat sohasi davlatlar aro munosabatni rivojlantirishda katta kuch ekani ta’kidlangan.

Markaz tashabbusi bilan respublikamizdagi yetakchi universitetlar, madaniyat muassasalarida Ozarbayjon markazlari tashkil etilishi, egizak shaharlar loyihasi amalga oshirilishi, Ozarbayjon tarixi, madaniyati, adabiyotiga oid yuzlab tarjima asarlari nashr etilishi, ko‘plab ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yilishi, Ozarbayjon va O‘zbekistonda o‘nlab media turlar uyushtirilishi, O‘zbekiston matbuotida ko‘rlab maqolalar e’lon qilinishi, teleko‘rsatuvlar tayyorlanishi va efirga uzatilishi madaniy aloqalarimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotganidan dalolat.

Qayd etish joiz, Nizomiy nomidagi TDPU Ilmiy kengashi qarori bilan nashrga tavsiya etilgan mazkur monografiya xalqaro munosabat va tashqi siyosatning tarkibiy qismi sifatidagi madaniy aloqalarga qiziqqan keng kitobxonlar, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari tegishli fakultetlari mutaxassislari, o‘qituvchi, magistrant va bakalavrlar uchun mo‘ljallangan.

Ozarbayjon Madaniyat markazi tarixiy do‘stlik, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar, mustaqil davlatlarimiz hamkorligining yuksak darajasiga oid ilmiy maqolalar, nashrlar tayyorlashga bundan keyin ham jiddiy ahamiyat berajagi urg‘ulandi. Bunday manbalar kelajakda Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabati, mavjud hamkorlik yuzasidan tadqiqot olib borayotgan mutaxassislar uchun foydali bo‘lishi, monografiya taqdimoti joriy yil davomida har ikki davlatda o‘tkazilishi bildirildi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA