Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Ozarbayjon: neft-gaz sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
10:33 / 2026-02-26

Neft-gaz tarmog‘ida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “SOCAR” kompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro muloqot va amaliy hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur ishlar doirasida jamiyat rahbariyati “SOCAR” kompaniyasining sho‘’ba tuzilmalari – “SOCAR Trading” hamda “SOCAR Downstream Management” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.  

Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning mustahkamlanib borayotgani, uning yuqori darajada qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev rahnamoligidagi siyosiy muloqot iqtisodiy aloqalar, jumladan, neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv chog‘ida “SOCAR” vakillari “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyati samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishni optimallashtirish va zamonaviy operatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shuningdek, raqamli boshqaruv yechimlarini tatbiq etish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish hamda energetik samaradorlikni oshirishga qaratilgan qator takliflar muhokama qilindi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv so‘nggida tomonlar amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma tashabbuslarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shu bilan birga, texnik audit o‘tkazish va uning natijalari asosida keyingi qadamlarni belgilash maqsadida Ozarbayjon tomoni ishchi guruhining korxonaga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA