English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Ozarbayjon ijtimoiy himoya sohasiga innovatsion yechimlarni tatbiq etishda hamkorlik qiladi
16:16 / 2023-09-11

Joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyev boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon Respublikasida bo‘ldi.

Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tashrif 2023 yil iyun oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyatining ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida Ozarbayjon Respublikasiga qilgan tashrifida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomidir.  

Dastlab delegatsiya “DOST 2023: moslashuvchan, innovatsion va barqaror xizmatlarni taqdim etish uchun yagona platforma” mavzusidagi  xalqaro anjumanda ishtirok etdi.  

So‘ngra delegatsiya Ozarbayjon Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida bo‘lib,  mezbon tomoni bilan nogironligi bo‘lgan hamda og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatga ijtimoiylashishiga ko‘maklashish, ijtimoiy sug‘urta tizimini tashkil etish, ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshirish, sohada raqamlashtirish orqali qamrovni va manzillilikni oshirish mavzularida fikr almashdi.  

Uchrashuv chog‘ida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Sahil Babayev Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va birodarlik aloqalarini, ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlari bilan bu munosabatlar strategik darajaga ko‘tarilganini ta’kidlab o‘tdi. U shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Fizuli shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-o‘rta maktab ushbu hudud aholisining ijtimoiy hayotida katta ahamiyat kasb etganini alohida e’tirof etdi.  

O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjonga tashrifi doirasida DOST raqamli innovatsiyalar markaziga tashrif buyurib, mazkur markazning samarali faoliyati va jamoatchilikka moslashuvchan va innovatsion xizmatlarni taqdim etish dasturlari bilan yaqindan tanishdi.  

–Biz har doim ijtimoiy sohada innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish yuzasidan O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz, – deya ta’kidladi DOST raqamli innovatsiyalar markazi rahbari Kyanan Akperov.  

O‘z navbatida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Jamshid Abruyev ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni doimiy ravishda kengaytirish, ijtimoiy islohotlar jarayonida izchil tajriba almashish muhimligini bildirdi. Uchrashuv so‘ngida tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlik qilish masalalarini belgilab oldi.  

Shuningdek, delegatsiya Ozarbayjon Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasida bo‘ldi. Mazkur jamg‘armaning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.  

Tomonlar ijtimoiy himoya sohasiga innovatsion yechimlar, elektron texnologiyalarni joriy etish masalalarini ham muhokama qilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.  

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA