Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Ozarbayjon IHT doirasida izchil hamkorlik qiladi
19:40 / 2025-07-18

O‘zbekiston Ozarbayjon bilan transport va energetika sohasidagi hamkorlikni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) doirasida mintaqaviy integratsiyaning asosiy elementi sifatida ko‘radi.

Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi direktori Sanjar Valiyev ayni mavzudagi mulohazasi bilan o‘rtoqlasharkan, Toshkent va Boku o‘rtasida transport aloqasini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi:

– Bu O‘zbekiston va Ozarbayjon amaliy hamkorligi kun tartibining tamal toshidir. Zero, turli sohalardagi, deyarli, har bir qo‘shma loyiha samarali logistikaga tayanadi.

Ikki davlat o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash ishga tushirilishi bilan salmoqli qo‘shma loyihalar to‘plami shakllantirildi. Endi tashabbuslarni amalga oshirish uchun yaxshi yo‘lga qo‘yilgan infratuzilma talab qilinadi. Yuk tashishga ruxsat beradigan elektron tizim joriy etilishi samarali qadamlardan biri bo‘ldi.

O‘rta yo‘lak bo‘ylab yuk tashish miqdori ortib, bir million tonnadan oshdi.

Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqdagi global beqarorlik Kaspiy yo‘nalishini yanada jozibador qilmoqda. O‘zbekiston Ozarbayjonga Yevropa yo‘lidagi strategik hamkor sifatida qaraydi. Ayni payt o‘sib borayotgan sanoatlashtirish va JSTga qo‘shilish ehtimoli mamlakatni sharq-g‘arb logistikasi muhim bo‘g‘iniga aylantirmoqda.

O‘z navbatida, Ozarbayjon bizning transport tarmog‘imizga ulanishdan foyda ko‘rmoqda. Allaqachon Afg‘oniston va Xitoy ham qo‘shiladigan multimodal yo‘nalishlar ishlab chiqilmoqda.

Istiqbolli loyiha sifatida ko‘p variantli va integratsiyalashgan transport arxitekturasini yaratadigan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va Trans-Afg‘on avtomobil yo‘li qurilishini ko‘rsatish mumkin.

Markaziy Osiyoda elektr energiyasiga talab tez sur’at bilan o‘smoqda. Demak, yana bir strategik maqsad Yevropaga “yashil” energiya eksporti bilan bog‘liq. Bu asosiy hamkor – YeI bilan savdo muvozanatini ushlash imkonini beradi. Shu bois O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon ishtirokida “yashil” yo‘lak yaratish tashabbusining dolzarbligi ortmoqda.

Normativ-huquqiy, geosiyosiy va moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, hatto, eng yirik loyihalar bo‘yicha ham yechim topish imkonini beradi.

Davlatlarimiz hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish zarur. Savdo, investitsiya va transport allaqachon rivojlangan sohalar. Endi innovatsiya, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyaga e’tiborni oshirish kerak. Xonkendi sammitida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan aynan shu tashabbuslar ilgari surildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon bu muloqotni ikki va ko‘p tomonlama yangi bosqichga ko‘tarish uchun real salohiyatga ega.

Afg‘oniston bilan bog‘liq transmintaqaviy imkoniyatlarimiz ham keng. O‘zbekiston nafaqat transport, balki yer osti boyliklaridan foydalanish, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ushbu qo‘shni mamlakat bilan loyihalar amalga oshirmoqda. Ayni jarayonga Ozarbayjon jalb etilishi mavjud sa’y-harakatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Afg‘oniston transport tizimiga qo‘shilishi Kaspiy, Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdoni kengaytiradi. Afg‘oniston delegatsiyasi Xonkendidagi anjumanda ishtirok etishi shunday niyatning tasdig‘idir.

Sammitdan keyin tashlanadigan amaliy qadamlar ham juda muhim. Bu borada hammasi mamlakatlar mas’uliyatni qay darajada his qilishi, kelishuvlarni amalga oshirishga tayyorligiga bog‘liq.

O‘zbekiston va Ozarbayjon IHT doirasida tizimli ish olib borayotganini namoyish etmoqda. Ishonchim komilki, Xonkendidagi sammit mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda burilish nuqtasi bo‘ladi.

Xullas, O‘zbekiston va Ozarbayjonning IHT doirasidagi strategik hamkorligi ramziy qadamlar doirasidan chiqib, ancha uzoqqa boradi. O‘sib borayotgan geoiqtisodiy raqobat va global ta’minot zanjiri beqarorligi sharoitida Toshkent va Boku energiya manfaati va innovatsion yondashuvga asoslangan barqaror hamkorlik modelini shakllantirmoqda.

Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA