Munosabat
Ozarbayjon – mamlakatimizning Janubiy Kavkazdagi strategik hamkori va qardosh davlat hisoblanadi. O‘zbekiston va Ozarbayjon qadimiy va yangi tarixda hamisha yaqin hamkorlik olib borgan bo‘lib, do‘stona munosabatlarni saqlab kelmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari orasida Ozarbayjonning alohida o‘rni bor. Jumladan, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi so‘nggi 30 yillikdagi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.

Boku shahridagi “Zagulba” qarorgohida o‘tkazilgan tor doiradagi uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi geosiyosiy manzarasida muhim voqelik sifatida qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmagan” deb ta’kidlar ekan, bu so‘zlar orqasida ikki davlat o‘rtasida so‘nggi yillardagi siyosiy ishonch, mushtarak qadriyatlar va strategik maqsadlarning amaliy asosi namoyon bo‘lmoqda. Bu galgi uchrashuvning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligi arafasida o‘tmoqda.
Tashrif doirasida imzolangan o‘ndan ziyod hujjat, jumladan, 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”, sanoat kooperatsiyasi, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi kelishuvlar hamkorlikni faqat siyosiy emas, balki barcha jabhalarda institutsional darajaga olib chiqmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2020 yilda O‘zbekiston – Ozarbayjon Ishbilarmonlar kengashi tuzildi. Mazkur platforma o‘zaro manfaatlar kesishgan yangi nuqtalarni aniqlash va investitsiya, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan istiqboldagi birgalikdagi harakatlarni aniqlab olish imkonini bermoqda.
2023 yilda ikki davlatdagi eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston – Ozarbayjon qo‘shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Hozirda Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar, energetika, xizmat ko‘rsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa yo‘nalishlarda 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yigirma besh foizga o‘sib, bir milliard dollarlik ko‘rsatkichga yaqinlashdi. Investitsiya loyihalarining umumiy portfeli to‘rt milliard dollarga yetgan. Bu raqamlar oddiy statistika emas – ular ortida yangi ish o‘rinlari, mahalliy ishlab chiqarish, eksport salohiyati va raqobatbardosh mahsulotlar yotibdi.
O‘zbekiston yuklarining Ozarbayjon orqali Yevropaga chiqishi – geosiyosiy o‘zgarishlar fonida alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirishga oid kelishuvlar, jumladan, “O‘rta yo‘lak” loyihasi doirasida yuk tashish hajmi 25 foizga oshdi. Bu – nafaqat ikki davlat, balki Xitoy, Gruziya va Turkiyani qamrab olgan keng mintaqaviy hamkorlik tizmasiga asos solish demakdir.
Yetakchilar ishtirokidagi muzokaralarda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha qo‘shma “yashil loyiha”ni jadallashtirishga kelishib olindi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan ham muhim. Bugun dunyo “yashil iqtisodiyot” sari intilayotgan paytda, O‘zbekiston va Ozarbayjonning bu sohadagi hamkorligi barqaror energetika kelajagini shakllantirishi mumkin.
Tashrif doirasida Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshi qo‘yildi. Bu bog‘ – 4,5 gektar maydonda O‘zbekistonning milliy me’morchilik an’analari, madaniyati va an’analarini namoyon etuvchi madaniy majmua sifatida quriladi. Bu ramziy jihatga ega loyiha nafaqat sayyohlar uchun, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik timsoli sifatida ham ahamiyatli.
Prezidentlar Xonkendi shahridagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi faoliyati bilan tanishdilar. 6,2 million dollarlik loyiha doirasida 800 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunday loyihalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi serqirra va samarali aloqalar bugungi kunda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish yo‘lini ishonch bilan davom ettirish imkonini beruvchi mustahkam poydevorga ega. O‘zbekiston yetakchisining Ozarbayjonga tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar ushbu jarayonga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi barobarida, ikki tomonlama munosabatlarni yangi va yuqori ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA