Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Ozarbayjon futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
22:06 / 2025-10-02

FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishida 2027 yilgi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati mezbonlari aniqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda yoshlar o‘rtasidagi Mundialga mezbonlik qilishi belgilandi.

O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur musobaqa FIFA tomonidan o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024 yilda yurtimizda o‘tkazilgan FIFA Futzal bo‘yicha Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur musobaqalar o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha yetarlicha tajriba va salohiyat to‘plashiga imkoniyat yaratdi.

"2027 yilga kelib dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari FIFA U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Ozarbayjonda to‘planishadi. Yurtimiz, har doimgidek, o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta, futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo e’tiborini qozonishga tayyor", deyiladi xabarda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA